22:41 / 04.02.2021
15038

Qirg‘izistonda bir hafta ichida ikkinchi sobiq bosh vazir hibsga olindi

Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri, parlament deputati Kubanichbek Jumaliyev korrupsiyada gumonlanib hibsga olindi. Bu haqda Qirg‘iziston davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi xabar berdi. 

Kubanichbek Jumaliyev / Foto: Tabyldy Kadyrbekov

Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, deputat hamda bir vaqtning o‘zida Qirg‘izistondagi xalqaro tibbiyot universiteti egasi bo‘lgan Jumaliyev bosim o‘tkazib va ta'lim sohasidagi qonun loyihalarini lobbi qilishda o‘zining siyosiy ta'siridan foydalanib, ta'lim faoliyatini olib borishga noqonuniy ravishda litsenziya olgan. 

Lisenziya komissiyasi qonunchilik talablariga javob bermaganligi uchun dastlab universitetga litsenziya berishni rad etgan. Ammo Jumaliyevning ta'lim va fan vazirligi rahbariyatiga bosim o‘tkazishi natijasida komissiya xulosasi ijobiy etib o‘zgartirilgan.

Qo‘mitaning bildirishicha, bundan tashqari, Jumaliyev tomonidan noqonuniy ravishda boylik orttirish, jinoiy daromadlarni legallashtirish va o‘ta yirik miqdordagi soliq to‘lovlarini to‘lamaslik faktlari aniqlangan.

Jumaliyev 1996-1998 yillarda Qirg‘iziston bosh vaziri lavozimida faoliyat olib borgan. 2015 yildan buyon "Bir Bol" fraksiyasidan parlament deputati hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 28 yanvarda yana bir sobiq bosh vazir Muhammedqaliy Abilgaziyev korrupsiya va noqonuniy tarzda boylik orttirishda gumonlanib hibsga olingandi.

Mavzuga oid
Top