23:09 / 05.02.2021
19134

Aziz Abduhakimov: «Davlat dasturi ijrosini vaqtida ta'minlamagani uchun 8 nafar rahbar lavozimidan ozod etildi»

 Davlat dasturi ijrosini vaqtida ta'minlamagani uchun 8 nafar rahbar egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 11 nafar rahbarga nisbatan «hayfsan» intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan, 12 nafar rahbarning faoliyati «qoniqarsiz» deb baholanib, 4 nafar rahbarga uch oylik sinov muddati berilgan, dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Oliy Majlis Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisida bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» davlat dasturining 2020 yil yakunlari bo‘yicha hukumat hisobotini taqdim etdi.

Kun.uz muxbiriga ko‘ra, Aziz Abduhakimov o‘z hisobotida dastlab respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi bir qator ko‘rsatkichlarni keltirib o‘tgan.

«2020 yilda 2019 yilga nisbatan yalpi ichki mahsulot (YaIM)ning o‘sishi 101,6 foizni tashkil qildi. Bunda sanoat – 100,7 foizni, xizmatlar – 102,3 foizni, qishloq xo‘jaligi – 103,0 foizni, qurilish ishlari – 109,1 foizni ko‘rsatdi.

Hisobot davrida jami xizmatlar hajmi 198,4 trillion so‘mni tashkil qildi. Bu o‘tgan yilga qaraganda 102,3 foizga o‘sgan. Moliya (24,9 foiz), aloqa va axborotlashtirish (18 foiz) sohalarida ko‘rsatilgan xizmatlarda ham yuqori o‘sish sur'atlari qayd etildi», – dedi u.

Bosh vazir o‘rinbosariga ko‘ra, davlat 2020 yilda inflatsiya darajasini jilovlash bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni ishlab chiqqan.

«Jumladan, ichki bozorda iste'mol tovarlari narxlarining barqarorligini ta'minlash, inflatsiya darajasini 2020 yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar doirasida saqlab qolish borasidagi sa'y-harakatlar natijasida 2020 yil dekabr oyida oylik inflatsiya 1,4 foizga teng bo‘lib, yillik inflatsiya ko‘rsatkichi 11,7 foizni tashkil etdi», – dedi mulozim.

Aziz Abduhakimov

Abduhakimov hisobotida ta'kidlashicha, shu yilning 4-9 yanvar kunlari Vazirlar Mahkamasining komplekslari bo‘yicha davlat dasturi yakunlari yuzasidan tanqidiy yig‘ilishlar o‘tkazilgan.

«Natijada Davlat dasturi ijrosini o‘z vaqtida ta'minlamaganligi va ishga mas'uliyatsizlik bilan yondashganligi uchun 8 nafar rahbar egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 11 nafar rahbarga nisbatan «hayfsan» intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan, 12 nafar rahbarning faoliyati «qoniqarsiz» deb baholanib, 4 nafar rahbarga uch oylik sinov muddati berilgan.

«2021 yil uchun davlat dasturining to‘liq va sifatli ijro etilishini ta'minlash maqsadida esa hukumat nazorati o‘rnatiladi», – deya va'da bergan Aziz Abduhakimov. 

Top