00:03 / 05.02.2021
4472

Jamshid Qo‘chqorov kapital bozorini rivojlantirish yuzasidan parlamentga hisobot berdi

Oxirgi 2 yilda joylashtirilgan davlat qimmatli qog‘ozlarining hajmi 10 barobar oshgan. 2021 yilda davlat budjeti taqchilligini qoplash maqsadida 5 trillion so‘mlik DQQ chiqariladi.

Arxiv foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov 3 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida chiqish qilib, kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha kiritilgan so‘rovga javob berdi.

Qonunchilik palatasidan ma'lum qilishlaricha, 2021 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekistonda jami 599ta aksiyadorlik jamiyatlarining nominal qiymati 149,5 trillion so‘mga teng aksiyalari sotuvga chiqarilgan. Ushbu aksiyadorlik jamiyatlaridan 254 tasida 127,6 trillion so‘mlik davlat ulushi mavjud.

Shu bilan birga, joriy yil boshida Investitsiya institutlari milliy assotsiatsiyasi (IIMA) qayta tashkil etilgan. Bundan maqsad – o‘z manfaatlarini ifoda etuvchi kapital bozori ishtirokchilarining nodavlat birlashmasini tashkil etish.

Bundan tashqari, qimmatli qog‘ozlar sotib olishdagi to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida ushbu xizmatning investitsiya vositachilari tomonidan ko‘rsatilishini nazarda tutuvchi tartib ishlab chiqilishi ma'lum qilindi.

Qayd etilishicha, mahalliy bank va korxonalarning jahon moliya bozorlariga mustaqil chiqishi moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lishini va shaffoflikni oshiradi. Bu o‘z navbatida tashqi moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilishga asos bo‘ladi.

Shuningdek, xalqaro moliya bozoriga milliy valutada obligatsiyalar chiqarilishi respublika kapital bozori haqida norezidentlarning ma'lumotlarga ega bo‘lishini ta'minlaydi.

Bosh vazir o‘rinbosari qimmatli qog‘ozlar likvidli ikkilamchi bozorining shakllanmaganiga sabab sifatida iqtisodiyotdagi yirik korxonalarda davlat ulushining yuqoriligi va xususiy sektor sub'yektlarining mablag‘ jalb qilishga bo‘lgan qiziqishining pastligini ko‘rsatdi.

Unga ko‘ra, oxirgi ikki yilda joylashtirilgan davlat qimmatli qog‘ozlarining hajmi 10 barobar oshgan. Shuningdek, 2021 yilda davlat budjeti taqchilligini qoplash maqsadida 5 trillion so‘m miqdoridagi DQQ chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda kapital bozorini rivojlantirishning 2021–2025 yillarga mo‘ljallangan dastlabki loyihasi ishlab chiqilgan.

Top