15:19 / 06.02.2021
36385

Toshkentda 9 yashar qizga nisbatan talonchilik sodir etgan jinoiy juftlik ushlandi

2021 yilning 3 fevral kuni soat 16:00larda noma'lum shaxslar Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Cho‘ponota ko‘chasining poyezd temir yo‘li bilan kesishgan chorrahasi yaqinida voyaga yetmagan 9 yoshli Arina T.ning qo‘lida bo‘lgan narxi 2 100 000 so‘mlik bo‘lgan «Redmi 8 Lite» rusumli uyali telefon apparatini qo‘lidan yulib olib, hodisa joyidan qochib ketishgan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida mazkur jinoyatni fuqaro 21 yoshli Shahzod B. va Shohista B. sodir etganliklari aniqlangan.  

Holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Shahzod B. va Shohista B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi «v» bandi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Olib borilgan tergov harakatlari davomida o‘g‘irlab olingan uyali aloqa telefon apparatini ular «Malika» savdo majmuasida 550 000 so‘m pul evaziga sotib yuborganliklari, bundan tashqari, ushbu jinoyatni sodir etishga voyaga yetmagan shaxsni jalb qilishganliklari ham aniqlangan.

Hozirgi vaqtda yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi «v» bandi (talonchilik) va 127-moddasi 3-qismi (voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) bilan ayb e'lon qilinib, har biriga nisbatan «garov» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tergov harakatlari davom etmoqda, deyiladi ma'lumotda. 

Top