19:36 / 09.02.2021
8299

4 milliard so‘mlik molni noqonuniy olib kirish uchun  bojxona xodimiga 9400 dollar pora berishga uringan shaxs qo‘lga olindi

Davlat bojxona qo‘mitasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va o‘z xavfsizlik boshqarmasi hamda Toshkent shahar va Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmalari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ko‘p bosqichli tezkor tadbir davomida, davlat budjetiga undirilishi lozim bo‘lgan bojxona to‘lovlarini to‘lamaslik maqsadida bojxona xodimiga pora berishga uringan shaxs fosh etildi.

Bu shaxs tomonidan muqaddam respublikamizga 1 ta konteynerda tovar-moddiy boyliklar olib kirilganida, ma'lumotlar va yuklar o‘rtasidagi tafovutlar sabab, konteyner Farg‘ona viloyatidagi manzil bojxona postiga qadar bojxona kuzatuvi ostida yetkaziladi, belgilangan tartibda bojxona ko‘rigi o‘tkaziladi va bu jarayonda 800 mln so‘mlik tovarlar yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagani fosh bo‘ladi hamda belgilangan tartibda bojxona to‘lovlari undiriladi.

Bojxona nazoratining bu kabi shakllari tabiiyki, tadbirkorning bojxona xodimlari ko‘zini shamg‘alat qilish imkonini bermasdi. Shu bois keyingi gal yuklarni olib kirishda ushbu shaxs bojxona to‘lovlaridan qochishga urinib, bojxona xodimlarini yo‘ldan og‘dirish rejasini tuzadi.

2020 yilning dekabr oyida bu shaxs tez kunlarda unga tegishli konteynerlar xorijdan yetib kelishini va mazkur konteynerlarni bojxona postiga o‘rnatilgan inspeksion ko‘rik majmuasi orqali skanerdan o‘tkazmaslikni hamda “Xavfni boshqarish tizimi”da xavf guruhiga kiritmaslikni so‘raydi. Aks holda ushbu konteynerlar bojxona ko‘rigidan o‘tkazilishi mumkin edi. Shu sababli, notanish shaxs bojxona xodimiga pora taklif qiladi.

Ammo bojxona xodimi belgilangan tartibga muvofiq zudlik bilan bu haqida o‘z rahbariyatini xabardor qiladi. Shundan so‘ng, pora taklif qilgan shaxsning jinoiy harakatlarini fosh qilishga qaratilgan reja-topshiriq ishlab chiqiladi.

2021 yil yanvar oyining boshlarida “tadbirkor” bojxona xodimiga jami 9400 AQSh dollari va 1 dona qimmatbaho qo‘l soatini pora tariqasida beradi.

Voqea joyida tezkor xodimlar tomonidan qiymati 4 mlrd 160 mln so‘mlik 2200 dona bolalar, 800 dona kattalar, 327 dona turli o‘lchamdagi velosiped tovarlari, velosiped ehtiyot qismlari va boshqa tovarlar, shuningdek, pora tariqasida taqdim qilingan 9400 AQSh dollari va 1 dona qo‘l soati holatga aniqlik kiritilgunga qadar huquqbuzarlik ashyosi sifatida vaqtincha saqlovga olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Top