18:49 / 09.02.2021
61436

Abduqodir Toshqulov: «Nega qizlarimiz xorijdan kelganlar oldiga gul ko‘tarib chiqishi kerak?»

«Xo‘sh, ayting-chi, adras ko‘ylak kiyib, tanimagan-bilmagan odamiga gul ko‘tarib borish qaysi qizga yoqadi? Bo‘lmagan narsa bu», degan vazir.

Abduqodir Toshqulov

Kecha, 8 fevral kuni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tizimidagi boshqaruv kadrlar uchun videokonferensaloqa tarzida yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda Kun.uz'ga vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilish davomida oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov oliy ta'lim muassasalarining talaba qizlari xorijlik mehmonlarga gul tutish uchun jalb etilishi masalasida tanqidiy fikrlarini bildirgan.

«Eng yomon ko‘rganim shu: xorijdan kelgan mehmonlarni kutib olish (fon) uchun nega bizning qizlarimiz gul ko‘tarib chiqishi kerak? 

U yerga o‘z farzandingizni qo‘yib ko‘ring-chi. Biz endi bu bo‘yicha alohida buyruq qilamiz. Ya'ni bu ham majburiy mehnatga tenglashtiriladi. Haqiqatan ham, bu majburiy mehnatning bir ko‘rinishi. 

Qizlarimiz hech qachon kimgadir gul tutishga o‘zi xohlab bormaydi. Yana bu ishlar darsdan chiqib, to‘garakka borish kerak bo‘lgan vaqt yoki dam olish vaqtida bo‘ladi. 

Xo‘sh, ayting-chi, adras ko‘ylak kiyib, tanimagan-bilmagan odamiga gul ko‘tarib borish qaysi qizga yoqadi? Bo‘lmagan narsa bu. Tarjimon bo‘lsa tushunaman, turizmda o‘qisa tushunaman.

Stadionlarni to‘ldirish uchun ham talaba, fon uchun talaba, festival bo‘lsa talaba... Hamma joy huquqiy qolipga tushishi shart. Talaba o‘qishi, kerak bo‘lsa to‘yib uxlashi kerak, talabaning shaxsiy hayotiga aralashishga haqqimiz yo‘q», – degan Abduqodir Toshqulov.

Bungacha ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulovga poytaxtga keladigan bir qator oliy martabali mehmonlarni kutib olishda amaliy yordam berishni so‘rab yo‘llagan rasmiy xatining namunasi tarqalgan va bu holat internet foydalanuvchilarining keskin e'tirozlarini keltirib chiqargandi.

 

«Mamlakatimizda oliy va yuqori darajadagi tashriflar hamda turli xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi munosabati bilan Toshkent shahriga bir qator oliy va yuqori darajadagi mehmonlarning tashrifi kun sayin ortib boryapti. 

Tashrif dasturlariga muvofiq, mazkur mehmonlarni kutib olish va kuzatish davrida mehmonlarga o‘zbek milliy libosidagi qizlar guldasta taqdim etadilar. 

Shu munosabat bilan, Toshkent shahrida joylashgan oliy o‘quv yurtlarida ta'lim olayotgan, davlat protokoli talablariga mos keladigan 50 nafar talaba qizlarning ro‘yxati, ikkitadan fotosurati, pasport nusxasi va ma'lumotlarini joriy yil 5 fevraliga qadar taqdim etilishida amaliy yordam berish so‘raladi.

Tavsiya etiladigan talaba qizlarning bo‘y-basti, tashqi ko‘rinishi, tarbiya va odobi, chet tillarini bilish qobiliyatiga alohida e'tibor qaratish maqsadga muvofiq», – deyiladi shahar hokimi yo‘llagan ushbu xatda.

Keyinroq oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Yusuf Absoatov nomidan Toshkentdagi OTM rektorlariga xorijlik mehmonlarni kutib olish va kuzatishda guldasta taqdim etishlari uchun talaba qizlar ro‘yxatini 5 fevralgacha taqdim qilishni so‘rab yo‘llagan xati namunasi tarqalib, keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Termiz davlat universiteti rektori lavozimida ishlab kelgan Abduqodir Toshqulov 14 yanvar kuni oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri etib tayinlangandi. Sobiq oliy ta'lim vaziri Inomjon Majidov O‘zbekiston Milliy universitetiga rektor bo‘lgan.

Top