10:09 / 10.02.2021
23835

Poytaxtdagi mahalla ahli jar yoqasida yashamoqda. Muammo yechimi qanday bo‘ladi?

Shayxontohur tumani, «Kattahovuz» MFY, Intizom ko‘chasidagi jarliklar bo‘ylab qurilgan uylardagi fuqarolar xavf ostida yashamoqda. Tobora kengayayotgan jarlik chiqindixonaga aylantirib yuborilgan.

Tahririyatga yo‘llangan murojaatdan so‘ng holatni o‘rganish maqsadida jarliklar bo‘ylab joylashgan xonadonlarda bo‘ldik.

Jarlik kengaymoqda. Uylar qulab tushish xavfi ostida

Intizom ko‘chasidagi jarliklar yonida joylashgan uylarni ko‘zdan kechirar ekanmiz, dastlab ko‘cha boshidagi uylarda yashovchi fuqarolar bilan suhbatlashdik. Ular uylari yaxshi holatdaligi, butun umr shu yerda yashashga ham rozi ekanliklarini aytishdi.

Shundan so‘ng tahririyatga murojaat qilgan fuqarolarning xonadonlariga kirib, ahvol haqiqatan juda ayanchli ekanligiga guvoh bo‘ldik.

Vahimasi odamni qo‘rquvga soladigan bu jarlik chiqindilar bilan to‘lib-toshgan. Uni begonalar tashlamagan, ha, aynan shu yerda yashovchilar «sharofati» bilan hosil bo‘lgan bu chiqindixona. Jarlik va uylarning oraliq masofasi yarim metr ham chiqmaydi. Shuningdek, bu uylarda kanalizatsiya yo‘q, barcha tashlamalar jarlikka oqiziladi. Chiqindilar shunchalik ko‘pki, hali issiq kunlar kelmasidan badbo‘y hid anqib turibdi. Fuqarolarning aytishicha, jarlik kengayishi sabab qurgan imoratlarini ko‘chirishga majbur bo‘lishmoqda. Lekin hammalarining ham ko‘chib ketishga imkoniyatlari yo‘q.

Tasvirga olish vaqtida mahalla raisi yetib keldi…

Ijodiy guruh holatni tasvirga olayotgan paytda «Kattahovuz» MFY raisi yetib keldi. Eng qizig‘i, muammoni boricha ko‘rsatmoqchi bo‘lgan fuqarolar rais kelib ketganidan so‘ng «o‘zgarib» qolishdi.

Holatga esa «agar hozir biz muammoni sizlar (Kun.uz)ga ko‘rsatsak, bizga soliq yoki jarima solishar ekan», deya izoh berishdi. Bu o‘ziga xos «bosim»cha qanchalik rost yoki yolg‘on bilmadig-u, lekin fuqarolarning qo‘rqib qolishganidan, ularga bosim bo‘lganini anglash qiyin emas edi. MFY raisi tomonidan bosim bo‘lganini bizga murojaat qilgan fuqaro tasdiqladi. Xullas, ikkita xonadonga kirib jarliklardagi hayotni tasvirga olishga ulgurdik. Qolgan fuqarolar esa raisning «bosimi»dan so‘ng tarqab ketishdi.

MFY raisi: Men ularni qo‘rqitmadim. Fuqarolarni ko‘chirish masalasi esa ko‘rib chiqilmoqda

Holatga oydinlik kiritish maqsadida birrovga kelib ketgan «Kattahovuz» MFY raisi bilan bog‘landik. Uning aytishicha, bu muammo respublika darajasida ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan holat. Chunki uylarning ko‘pchiligida kadastr hujjati yo‘q. Shuningdek, MFY raisi fuqarolarga bosim qilmaganini aytmoqda.

«Mazkur jarlikdan katta suv oqib o‘tadi. Aslida bu suvlar butun eski shahar hududidagi chiqindi suvlarning to‘plami. Jar yoqasidagi xonadonlar eski shahar hududiga kiradi. Uylarning ko‘pchiligining kadastr hujjati yo‘q. Sababi, jar bo‘yidan uy qurishga hech qanaqasiga davlat ruxsat bermaydi. Bu joylar fuqarolarning ota-bobolari tomonidan 70-100 yillar oldin egallanib, uy-joy qurib olingan. Holat bo‘yicha tuman, shahar va respublika darajasigacha o‘rganish olib borilgan. Ayni vaqtda jarliklar yoqasida 39ta xonadon, 211 nafar fuqaro yashaydi.

Mahalla raisi qo‘rqitish uchun bu lavozimni egallab turgani yo‘q. Hammasi birdamlikda hal qilinadigan ishlar. Qo‘rqishgan bo‘lsa, aybi bor. O‘zingiz ko‘rib, guvohi bo‘ldingiz. Chiqindilar bilan to‘lib ketgan. Necha marta chaqirib ogohlantirganmiz. Haftada ikki marta chiqindilarni olib ketish uchun mashina keladi. Lekin jarlikka chiqindilarini tashlashadi. O‘zining aybi borki, qochishadi. Jarga chiqindi tashlash mumkin emas. Lekin uy masalasidan qochmay, sizni chaqirishyapti», dedi mahalla raisi Fathullo Qo‘ldoshev.

Xulosa

Jarliklar yonidagi hayot umuman sanitariya talablariga javob bermaydi. Shuningdek, «Kattahovuz» mahallasidagi bu jarliklarning kengayish xavfi bor. Ayni vaqtda ham jarliklar bo‘ylab qurilgan uylar xavf ostida qolmoqda.

Bundan buyog‘iga yog‘ingarchiliklar mavsumi boshlanishini hisobga olsak, fuqarolar yashayotgan uylardagi xavf yanada ortadi. Yana shuni tan olish kerakki, jarliklarga tashlangan chiqindilardan turli kasalliklar va changalzordan chiqadigan turli hayvonlar va zaharli hasharotlar ham mahalla ahlini yanada og‘ir vaziyatga solishi turgan gap.

To‘g‘ri, bu uylarning ko‘pchiligida kadastr hujjatlari bo‘lmasligi mumkin. Ularning ota-bobolari ancha yillar oldin bu joylarni egallab, uy qurib olgan ham deylik. Ammo mazkur muammoning yechimini qachondir izlash kerak bo‘ladi. Jarliklar bo‘yidagi uylar bundan ancha yillar oldin qurilgan. Shu vaqtga qadar hal etilmagan yoki e'tibordan chetda qolgan bu uylardagi murakkab holatga mutasaddilar e'tibor qaratishadi degan umiddamiz.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Muxbir Rahmatillo Isroilov
Montaj ustasi Nuriddin Nursaidov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top