19:44 / 10.02.2021
46053

Shavkat Mirziyoyev: Endi men qaysi mahallaga kirishimni hech kim bilmaydi

Prezident davlat dasturida rejalashtirilgan vazifalar bo‘yicha videoselektor davomida telemuloqot orqali Namangan viloyatidagi rejalarni o‘rgandi va viloyat hokimi bilan birga ayni paytda viloyatda bo‘lib turgan bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovning hisobotlarini tingladi.

«Namangandagi har bir soha qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Endi qog‘ozda ura-ura qilish davri o‘tdi. Har bir soha bo‘yicha alohida o‘rganinglar. Chodakdagi havoning o‘zi boylik, turizm bo‘yicha qancha imkoniyatlarimiz bor. Endi men viloyatlarga tashrif buyurganimda qaysi mahallaga kirishimni hech kim bilmaydi», degan davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, 4-5 fevral kunlari Farg‘ona viloyatiga safari davomida prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahridagi mahallalardan biriga oldindan rejalashtirilmagan holda tashrif buyurdi. Mahallaga tashrif yakunida prezident sektor rahbarlari faoliyatidan qoniqish bildirmagan va shahar hokimi, prokuror, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i hamda soliq inspeksiyasi rahbari o‘z lavozimlaridan ozod etilgandi.

Prezidentning keyingi safari Namangan viloyatiga bo‘lishi kutilmoqda.

Top