03:00 / 11.02.2021
12337

Xitoy kosmik zondi Mars orbitasiga chiqdi

Xitoy missiyasining maqsadi – Marsda hayot izlarini topish hamda uning insonlar tomonidan o‘zlashtirilishi uchun imkoniyatlarni o‘rganish.

Foto: DPA

Yetti oylik parvozdan so‘ng Xitoyning "Tyanven-1" zondi Mars orbitasiga chiqdi. Bu haqda Xitoy kosmik agentligiga tayanib DW xabar bermoqda.

Stansiya may oyigacha qo‘nishga qulay joy tanlash uchun Mars yuzasini batafsil suratga tushiradi. So‘ngra Marsda yurishga mo‘ljallangan qurilma joylashgan platforma zonddan ajralib chiqadi va Qizil sayyoraga qo‘nadi.  

Xitoy missiyasining maqsadi – Marsda hayot izlarini topish hamda uning insonlar tomonidan o‘zlashtirilishi uchun imkoniyatlarni o‘rganish. Marsoxod uch oy davomida sayyorani o‘rganadi, suratga oladi va Mars xaritasini tuzishga yordam beradi.  

Xitoy ilgari ham Marsni zabt etishga urinib ko‘rgandi. 2011 yilda Rossiya bilan hamkorlikda amalga oshirilgan parvoz muvaffaqiyatsiz startdan keyin to‘xtatilgan.

9 fevral kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Al Amal ("Umid") avtomatik sayyoralararo stansiyasi qariyb 500 mln km masofani bosib o‘tib, Mars orbitasiga chiqdi. Marsning elliptik orbitasida joylashadigan mazkur qurilma sayyoraning iqlimi va atmosferasining quyi qatlamlarini o‘rganadi.

Mavzuga oid
Top