14:34 / 12.02.2021
14571

Toshkentda 55 mln so‘m qalbaki pullarni muomalaga kiritmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Kecha, 10 fevral kuni, Toshkent viloyati IIBB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi hamda Toshkent tumani IIB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda qiymati 55 million so‘mga yaqin qalbaki 100 ming so‘mlik kupyuralarni muomalaga kiritmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi.

Foto: Toshkent viloyati IIBB Matbuot xizmati

Toshkent viloyati IIBBning xabar berishicha, Toshkent shahrida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan F.R. tanishlari, 1997 yilda tug‘ilgan J.T. va A.A. bilan birgalikda noqonuniy ravishda qalbaki pullarni yasab, ularni muomalaga kiritish maqsadida tayyorlaganida tezkor xodimlar tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlangan.

“Tadbir davomida ushlangan shaxslardan 58 dona kesilgan, 490 dona qog‘ozda tayyorlanib kesilmagan qalbaki 100 ming so‘mlik kupyuralar, rangli printer, 2 quti maxsus qog‘ozlar, pichoq va boshqa buyumlar daliliy ashyolar sifatida olindi,” – deyiladi IIBB xabarida.

Holat yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Top