08:00 / 13.02.2021
4322

O‘tgan yili O‘zbekistonda 17 mingdan ortiq fuqaro firibgarlik jinoyati jabrlanuvchisiga aylandi - IIV

2020 yil davomida respublikada 10 mingdan ortiq firibgarlik jinoyatlari qayd etilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, firibgarliklar oqibatida 17 mingdan ortiq fuqaro jinoyat jabrlanuvchisiga aylangan, ularning 10 mingdan ortig‘ini erkaklar, qolgan qismi esa ayollarni tashkil etadi. Fuqarolarning ishonuvchanligi va oson boyib ketishga bo‘lgan ishtiyoqi firibgarlarning tuzog‘iga tushishining asosiy sabablaridan biri hisoblanadi.

Chet elga ishga jo‘natish (13,1 foiz), yer, uy oldi-sotdisi (13.9 foiz), o‘qishga yoki ishga kiritish (9 foiz) kabi va'dalar bilan sodir etilayotgan firibgarliklar eng ko‘p uchraydigan firibgarlik bo‘lib qolmoqda.

“Hurmatli fuqarolar, yuqoridagi ko‘rsatkichlarning oshib ketishiga sababchi bo‘lib qolmang. Arzon avtomashina yoki uy olish niyatida yillab halol yig‘gan pullaringizni aldovlarga uchib, o‘z qo‘lingiz bilan firibgarlar qo‘liga topshirib qo‘ymang. Qonunga xilof ravishda qing‘ir yo‘llar bilan nisbatan arzon mulkka egalik qilaman, deb jabrlanuvchilar safidan joy olmang.

Sizga tegishli mulklarning oldi-sotdisi bilan bog‘liq harakatlarni davlat organlari orqali amalga oshirishni so‘raymiz. Firibgarlarning tuzog‘iga tushib qolmaslik o‘z qo‘lingizda”, - deyiladi ma'lumotda.

Top