08:08 / 16.02.2021
5849

Turkiyaning bir hududidan O‘zbekistonga pomidor va qalampir urug‘liklari eksporti uchun vaqtinchalik taqiq joriy etildi

“O‘zdavkarantin” inspeksiyasi 2021 yil 12 fevraldan boshlab Turkiya davlatining Bursa hududidan O‘zbekistonga pomidor va qalampir urug‘liklari eksporti uchun vaqtinchalik taqiq joriy etdi.

Inspeksiya axborot xizmati xabariga ko‘ra, bunga mazkur hududda joylashgan Bursa Tohumculuk Ziraat ve Tic.A.S. korxonasidan O‘zbekistonga keltirilgan 85 kg pomidor urug‘ligida “Pomidor jigarrang bujmayish virusi” (Tomato brown rugouse fruit virus) aniqlangani sabab bo‘lgan.

Holat yuzasidan 2021 yil 11 fevralda O‘zbekistonga karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirishda belgilangan fitosanitariya talablari buzilganligi to‘g‘risidagi notifikatsiya (xabarnoma) Turkiya davlatining o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha milliy tashkilotiga yuborildi.

Bildirilishicha, bugungi kunga qadar Turkiyaning vakolatli organidan “O‘zdavkarantin” inspeksiyasiga javob xati kelib tushmagan.

Pomidor va qalampir mahsuloti urug‘ligiga qo‘yilgan vaqtinchalik cheklov “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi qonun va Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 19 fevraldagi 99-sonli qarori ilovasining 16-bandiga ko‘ra o‘rnatilgani aytiladi.

Mavzuga oid
Top