20:23 / 16.02.2021
7041

Yiliga 30-40 nafar harbiy xizmatchi kasalligi tufayli xizmatdan bo‘shatilayotgani ma'lum qilindi

Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshidagi Harbiy tibbiyot fakulteti kafedra mudiri, tibbiy xizmat polkovnigi Nosir Fozilov harbiy xizmatchilarning sog‘lig‘iga e'tibor kuchaytirilgani sababli kasalligi uchun harbiy xizmatdan bo‘shatish holatlari kamaygani, yil davomida 30-40tacha ana shunday holat kuzatilayotganini ma'lum qildi.

«Harbiy xizmat davomida harbiy xizmatchi biror kasallik orttirib olishi mumkin. Shu kasalligi tufayli u xizmatni davom ettirolmaydi. U o‘zidan-o‘zi kasal bo‘lib qolgani yo‘q. Deylik, kimdir xizmatini o‘tash chog‘ida ro‘y bergan qandaydir voqealar natijasi biror jarohat oladi va shuning oqibatida harbiy xizmatga yaroqsiz bo‘lib qoladi. Bunday vaziyatda u kasallik tufayli harbiy xizmatdan bo‘shatilgan taqdirda harbiy tibbiy muassasalarda davolanish huquqiga ega bo‘lishadi. Hattoki burchini o‘tash paytida jarohatlangan yoki boshqa bir kasallik orttirib olgani uchun xizmatdan bo‘shatilgan harbiy xizmatchining farzandlari ham boshqalar qatori qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega bo‘lishadi.

Hozirgi kunda kasallik tufayli harbiy xizmatdan bo‘shatish holatlari kamaygan. Chunki harbiy xizmatchilarning sog‘lig‘iga e'tibor kuchaytirilgan. Shu bilan bir qatorda, muddatli harbiy xizmatga chaqirish va kontrakt asosida harbiy xizmatga jalb etish jarayonida ham birinchi o‘rinda nomzodlarning sog‘lig‘iga e'tibor qaratiladi. Ayni paytda xizmatchilar kamdan kam holatlarda kasalligi tufayli harbiy xizmatdan bo‘shatilmoqda. Yil davomida 30-40tacha ana shunday holat kuzatiladi», deya Nosir Fozilovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 12 sentyabrdagi PQ-4447-son qaroriga muvofiq, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra bo‘shatilgandan so‘ng halok bo‘lgan hamda harbiy xizmatning umumiy davomiyligi yigirma yil va undan ortiq bo‘lgan ofitser va generallarning boquvchisini yo‘qotgan oila a'zolarida harbiy xizmatchining hayotligida bo‘lganidek tibbiy yordam ko‘rsatish, sanatoriya-kurortlarda davolanish, ushbu davolanish joyiga borish va qaytishda transportdan imtiyozli foydalanish huquqlari saqlanib qoladi.

Mavzuga oid
Top