19:50 / 17.02.2021
13936

«Obnalchilar» tufayli hisobraqamga qo‘yilgan inkasso vaqtincha qaytarib olindi - DSQ

DSQ shubhali korxonalar bilan aloqada bo‘lgan, soliq xavfi past tadbirkorlik sub'yektlarining bankdagi hisobraqamlaridan inkasso topshiriqlari joriy yilning 1 mart sanasigacha qaytarib olinganini ma'lum qildi.

Davlat soliq qo‘mitasining «Lozim darajadagi ehtiyotkorlik» tizimi orqali ma'lum qilingan 396ta shubhali korxonalar bilan aloqada bo‘lgan 2960ta korxona, dastlabki tekshiruv natijalariga ko‘ra, soliq xavfi past bo‘lgani uchun hisobraqamlariga kiritilgan inkasso topshiriqlari joriy yil birinchi martiga qadar bekor qilindi. Bu haqda 17 fevral kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida DSQ departamenti direktori Xurshid Bozorov ma'lum qildi.

«Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lgan voqealarga kelsak, dastlabki kameral natijasida, tegishli o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan 3-5 fevral kunlari 396ta shubhali korxonalar va ularning 8536ta kontragentlariga xabarnomalar jo‘natilgan edi. 

Shundan so‘ng xabarnomaga javob bergan 589ta korxona o‘z hisobotiga tegishli tuzatishlar kiritib, 30,2 milliard so‘m qiymatda qayta hisobot taqdim etdi. Shularning 141tasi 5,4 milliard so‘mga asoslar taqdim etdi va DSQ tomonidan bular inobatga olindi.

Shubhali korxonalar bilan moliyaviy aloqada bo‘lgan, lekin soliq xavfi yuqori bo‘lmagan 2960ta sub'yektlarning bankdagi hisobraqamlaridan joriy yilning 1 martiga qadar inkasso topshiriqlari vaqtincha qaytarib olindi», – dedi DSQ departamenti direktori.

Ta'kidlanishicha, inkasso topshirig‘i qaytarib olingan korxonalar belgilangan muddatgacha QQS hisoblashda noqonuniy harakatni amalga oshirmaganini tasdiqlovchi qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etishi so‘raladi.

Ma'lum qilinishicha, tezkor o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvi 122ta korxonada yakunlangan, shundan 117tasi, ya'ni 96 foizida shubhali operatsiyalar o‘z tasdig‘ini topib, 5 milliard so‘m soliqlar qo‘shimcha hisoblangan.

Avvalroq «obnalchilar» mojarosi tufayli Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari ishdan olingani ma'lum qilingan edi.

Shuningdek, DSQ tomonidan «obnalchi firmalar» bilan kurash boshlangani , undan oldin «obnalchilar» mojarosi yuzasidan tadbirkorlarning noroziligi haqida ma'lumot berilgan edi.

Mavzu
«Obnal» mojarosi
Davlat soliq qo‘mitasi naqdlashtiruvchi firmalar bilan kurash boshlab, 2021 yil fevral oyida 10 mingga yaqin tadbirkorlik sub’yekti zimmasiga 1 trillion so‘m QQS summasini yukladi.
Barchasi
Top