17:11 / 17.02.2021
6601

O‘tgan yili davlat budjetidan eng ko‘p xaridlar amalga oshirgan sohalar ma'lum qilindi

2020 yil davomida sog‘liqni saqlash sohasi davlat buyurtmachisi sifatida 6 trillion 709 milliard 800 million so‘mlik xaridlarni amalga oshirgan. Bu eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, umumiy davlat buyurtmachilari tomonidan qayd etilgan xarajatlarning 15,7 foizini tashkil etadi.

Moliya vazirligi 2020 yil davomida davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan xaridlar infografiyasini e'lon qildi. Unga ko‘ra, o‘tgan yili jami 124 trillion 89 milliard 400 million so‘mlik xaridlar amalga oshirilgan.

Shundan 42 trillion 629 milliard 400 million so‘mi (34 foiz) budjet buyurtmachilari, 40 trillion 476 milliard 400 million so‘mi (33 foiz) korporativ buyurtmachilar, 40 trillion 983 milliard 600 million so‘mi (33 foiz) strategik buyurtmachilar hissasiga to‘g‘ri keladi.

2020 yil davomida davlat xaridlari jarayonlarida eng faol bo‘lgan budjet buyurtmachilari qatorida sog‘liqni saqlash sohasi (6 trillion 709 milliard 800 million so‘m), suv xo‘jaligi (5 trillion 451 milliard 800 million so‘m), avtomobil yo‘llari (5 trillion 182 milliard 100 million so‘m), xalq ta'limi (3 trillion 802 milliard 900 million so‘m) va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi (3 trillion 743 milliard 100 million so‘m) qayd etilgan.

Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati sohasiga umumiy xaridlar  summasining 7,3 foizi, maktabgacha ta'limga 7,1 foizi, geologiya va mineral resurslarga 3,8 foizi, oliy va o‘rta maxsus ta'limga 2,4 foizi va boshqa sohalarga 20,9 foizi to‘g‘ri keldi.

Ma'lum qilinishicha, budjet buyurtmachilari xaridlaridagi pullar ta'mirlash, qurilish va rekonstruksiya ishlari, kommunal xizmatlar, dori-darmon, tibbiyot buyumlari, vaksinalari va bakteriologik preparatlar, jihozlar, transport vositalari, texnik asbob-uskunalar va boshqalarga sarflangan.

Xususan, 2020 yil davomida Sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan xaridlarning tovar (ish, xizmat)lar kesimidagi tahlilida qurilish va rekonstruksiya hissasi 2 trillion 261 milliard 100 million so‘mni (33 foiz), dori-darmon, tibbiyot buyumlari (19,5 foiz) 1 trillion 300 milliard 900 million so‘mni, oziq-ovqat xaridlari 550 milliard 700 million so‘mni, ta'mirlash (joriy, kapital) 474 milliard 2 million so‘mni, asosiy vositalar esa 447 milliard 700 million so‘mni tashkil etgan.

Avvalroq, Moliya vaziri o‘rinbosari Odil Isoqov 2020 yildagi davlat xaridlari yuqori ko‘rsatkichni ko‘rsatayotgani va bunga xavotirli holat sifatida qarashini aytgan edi.

2020 yilning 9 oyida jami davlat xaridlari 85 trillion so‘mni tashkil etgan. Xususan, budjet buyurtmachilari tomonidan – 33 trillion, korporativ buyurtmachilar tomonidan – 35,5 trillion, strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalari tomonidan – 17,4 trillion so‘mlik xarid amalga oshirilgan.

Top