19:27 / 18.02.2021
9708

«Qora oltin» effekti. U O‘zbekistonda benzin narxi oshishiga ta'sir qilmoqdami?

Benzinning boshlang‘ich narxi jahon bozoridagi Brent tipidagi neft qiymatiga bog‘liq. Respublikada mahsulot narxining birja savdolaridagi o‘sishi esa 1 foizga ham yetmaydi.

Foto: ingimage/vostock-photo

Jahon bozorida Brent markali neft narxining o‘zgarishi O‘zbekiston ichki bozorida benzin va kerosinga belgilangan narxlarning o‘sishi yoki tushishiga ta'sir etuvchi muhim omil sanaladi. Yonilg‘i narxining oshishi tabiiy ravishda transport xarajatlarini ko‘paytiradi. Natijada qishloq xo‘jalik mahsulotlari, tovar va xizmatlar qimmatlashuvi yuzaga keladi. Aksariyat rivojlangan davlatlarning valutalari neft bilan bog‘langani va hattoki mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy munosabatlarga sezilarli ta'siri «qora oltin»ning qay darajada qimmatli manba ekanini anglatadi.

Brent’ning O‘zbekistonda benzin narxi oshishiga ta'siri haqida

UZEX birja bosh makleri Mansur To‘ychiyev jahon bozoridagi neftning narxi O‘zbekistonga qay darajada ta'sir qilishi, xususan AI-80 markali benzin narxi oshayotgani sabablari haqida ma'lumot berdi. Mutaxassisga ko‘ra, benzin narxlari Brent tipidagi neft qiymatiga bevosita bog‘liq.

«Avtomobil benzini va dizelning boshlang‘ich narxi Brent tipidagi neftga bog‘langan. Bunda sotuvchilar o‘zining kalkulyatsiyasi yordamida aynan Brent narxidan kelib chiqib boshlang‘ich narxni belgilaydi. Ya'ni narx savdolarda emas, boshlang‘ich holatda oshmoqda.

Mahalliy birja savdolardagi o‘sish narxi 1 foizga ham yetib bormayapti. Masalan, narx 5 ming so‘mdan qo‘yiladigan bo‘lsa, uzog‘i bilan 5 ming 10 so‘mga boryapti. Oshish narxi faqat boshlang‘ich narxi bilan bog‘liq. Sotuvchi tomonidan brend narxi oshganligi hisobiga narx oshirib borilmoqda», – degan u jurnalistlar bilan muloqotda.

Tovar-xomashyo birjasi ma'lumotiga ko‘ra, 2021 yil 1-11 fevral kunlarida 26 ming tonnaga yaqin AI-80 markali benzin birja savdolariga qo‘yilgan. Shundan, 21 ming tonna benzin sotilgan. Boshlang‘ich narxning yuqori bo‘lishi bozordagi keyingi narxning oshishiga sabab bo‘lyapti.

17 fevraldagi birja savdolarida AI-80 markali benzin 6 ming 54 so‘m 1 tiyindan sotildi va 55,6 so‘mga qimmatladi. 16 fevralda esa avvalgi narxidan 35 so‘mga arzonlab 5998 so‘mdan sotilgan edi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, hozirda yonilg‘i boshlang‘ich narxini arzonlatib, keyin birja bozorida ko‘tarish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Jahon bozorida Brent markali neft narxi o‘sishining so‘nggi omili

Neftni eksport qiluvchi mamlakatlarning qarorlari, talab va taklif qonunlari, ishlab chiqarishni buzish mumkin bo‘lgan tabiiy ofatlar va neft qazib chiqaradigan mamlakatlarda yuzaga kelgan siyosiy tartibsizliklarning barchasi narxlarga o‘z ta'sirini o‘tkazadi. Xususan, ayni paytda neft narxining ko‘tarilishi rivojlangan yirik mamlakatlarda ishlab chiqarishdagi vaziyatga bog‘liq bo‘lmoqda.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, AQShda neft qazib olishning umumiy hajmi uchdan bir qismga – rekord darajaga kamaydi. Mamlakatda havo haroratining keskin sovib ketishi bir qator yirik neftni qayta ishlash zavodlari to‘xtatilishi va neft-gaz qazib olish hajmining 40 foizga pasayishiga olib keldi.

Londonning ICE fyutchers birjasida Brent markasidagi neftning aprel fyutcherslari narxi barreli uchun 65,13 dollarni tashkil etadi.

Nyu-York tovar birjasidagi elektron savdolarda mart oyida WTI neftining fyutchers narxi, hozirga kelib, barreli uchun 61,74 dollarga ko‘tarildi.

Ma'lumot uchun, Brent – jahon bozorida sotilayotgan ikki xil neft turidan biri. Bu nom Shimoliy dengizdagi Broom, Rannoch, Etive, Ness va Tarbert neft konlarining nomidagi bosh harflardan tashkil topgan qisqartma.

WTI – jahon bozorida sotilayotgan neftning ikkinchi turi. Bu West Texas Intermediate so‘zlaridan olingan qisqartma. Nomidan ko‘rinib turibdiki, bunday turdagi neft ilk marta AQShning Texas shtatida qazib olingan. WTI turidagi neft asosan benzin olish uchun ishlatiladi.

Top