17:00 / 18.02.2021
7593

Samarqand va Navoiy viloyatlari chegarasidagi YPX maskanida avtomobil to‘siqqa urilib, yonib ketdi

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Navoiy viloyatidan Samarqand viloyati tomon harakatlanib kelayotgan «Lacetti» avtomobili har ikkala viloyat o‘rtasida joylashgan YPX maskanida bo‘laklarni ajratib turuvchi beton to‘siqqa urilib, yonib ketgan. Bu haqda IIV YHXBB xabar bermoqda.

Unda yozilishicha, 17 fevral kuni soat 21:30da M37 xalqaro avtomobil yo‘lining Navoiy viloyati Karmana tumanidan o‘tuvchi 147-kilometrida, 1969 yilda tug‘ilgan haydovchi E.X. «Lacetti» avtomobilini mast holda boshqargan va yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

Qayd etilishicha, spirtli ichimlik ta'sirida bo‘lgan E.X. Navoiy va Samarqand viloyatlarini ajratib turuvchi YPX maskaniga yaqinlashgan paytda avtomobil boshqaruvini yo‘qotgan va bo‘laklarni ajratuvchi beton to‘siqqa urilgan. Kuchli zarb oqibatida avtomobilning dvigatel qismida yong‘in yuzaga kelgan.

Ma'lumotga ko‘ra, yong‘in o‘t o‘chiruvchilar tomonidan bartaraf etilgan. Ammo ungacha avtomobil to‘liq yaroqsiz holga kelgan. Yong‘in natijasida hech kim tan jarohati olmagan. Hozirda mazkur hodisa yuzasidan Karmana tumani IIB YHXB va FVB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Top