16:14 / 18.02.2021
6219

XVJ: O‘zbekiston hukumati davlat korxonalari uchun imtiyozlardan voz kechishi kerak

Hukumat bozorga kirish yo‘lidagi qolgan to‘siqlarni yo‘q qilishi va asosan davlat korxonalariga beriladigan tarif, soliq va boshqa imtiyozlarni bekor qilishi kerak. Mamlakatdagi tez-tez va bir martalik o‘zgarishlar investorlarni mamlakatga kirib kelishdan to‘xtatib turadi.

Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) ijrochilar kengashi 2021 yilda Xalqaro valuta jamg‘armasi to‘g‘risidagi shartnomaning IV moddasiga asosan, O‘zbekiston bo‘yicha maslahatlashuvlarning yakuniy xulosasini e'lon qildi.

XVF xulosalarida O‘zbekiston so‘nggi bir necha yil ichida ulkan islohotlarni amalga oshirishda sezilarli yutuqlarga erishgani ta'kidlangan. Birinchi bosqich asosan makroiqtisodiy boshqaruvni takomillashtirishga, narxlar, valuta almashinuvi va savdo-sotiqni erkinlashtirishga, shuningdek, soliq va pul-kredit siyosati tizimida sezilarli yaxshilanishlarga qaratilgan.

Endilikda hukumat bozorga kirish yo‘lidagi qolgan to‘siqlarni yo‘q qilishi va asosan davlat korxonalariga beriladigan tarif, soliq va boshqa imtiyozlarni bekor qilishi kerakligi qayd etilgan.

«Ochiq va raqobatbardosh bozorlar davlat xarajatlari samaradorligini ta'minlashda muhim rol o‘ynaydi. Biznes va tadbirkorlik muhitini tartibga solish tizimini soddalashtirish va eng muhimi, prognoz qilish qobiliyati va barqarorlikni oshirish kerak, chunki tez-tez va bir martalik o‘zgarishlar investorlarni mamlakatga kirib kelishdan to‘xtatib turadi», -  deya ta'kidladi XVJ.

Shu bilan birga, tabiiy gaz va elektr energiyasining ulgurji bozorlarini tashkil etish rejalashtirilgan energiya samaradorligini oshirish va past darajadagi subsidiyalarni yo‘q qilish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishi aytib o‘tilgan.

Bundan tashqari, JSTga kirish jarayonini qayta tiklash va O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bozorlariga kirishini kengaytirish savdo integratsiyasini osonlashtirishi va O‘zbekistondagi biznes va iste'molchilarga foyda keltirishi ta'kidlangan.

29 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasi xorijda ishlab chiqarilgan alohida tovarlar va xizmatlarning davlat xaridlaridagi ishtirokini cheklashni nazarda tutuvchi «Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora- tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni tasdiqlagandi.

Hujjatda cheklangan tovarlar ro‘yxatiga oziq-ovqat, elektrotexnika, kimyo sanoati, to‘qimachilik, transport ehtiyot qismlari, plastmassa, qog‘oz, keramika, shisha, metall buyumlar va boshqa turdagi mahsulotlarning 529 xili kiritilgan.

Top