08:30 / 20.02.2021
11658

Sudya: «Mahalliy kengash deputatlari sud raislari axborotini eshitishining nafi nolga teng»

Nuriddin Murodov Uchtepa tumanlararo sudi sudyasi

Xalq deputatlari mahalliy kengashlarida sud raislari axboroti eshitilishidan foyda yo‘q. Bu eshituvlar:

A) O‘zbekiston Konstitutsiyasida belgilangan maqsad va ko‘z ilg‘amas muddaolarimizga muvofiq emas;

B) Nafsiz, natijasiz;

V) Yuzaki, rasmiyatchilik uchun;

G) Sud-huquq sohasidagi islohotlarimizning umumiy negiziga mos kelmaydi;

D) Korrupsiya holatlarini keltirib chiqaradi;

...Ya) Bunday eshituvlardan voz kechish maqsadga muvofiq.

Endi har bir so‘zga emas, har bir bandga javob izlaymiz...

A) O‘zbekiston Konstitutsiyasida belgilangan maqsad va ko‘z ilg‘amas muddaolarimizga muvofiq emas?

Javob: O‘zbekiston Konstitutsiyasining 106-moddasiga ko‘ra, O‘zbekistonda sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi. 107-moddada esa, «O‘zbekiston Respublikasida sud tizimi O‘zbekiston konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma'muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma'muriy sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari va tumanlararo ma'muriy sudlardan iboratdir», deyilgan.

Demak, sizda «Nega Parlament (oliy vakillik organi)ga Oliy sud hisobdor? Mahalliy vakillik organiga joylardagi sudlar axborot bermasligi kerak?», degan savollar bo‘lishi tabiiy.

Lekin quyidagilarga ham e'tibor qaratish kerak:

Sud hokimiyatining oliy idorasi – Oliy sud, sud tizimi – sud hokimiyati nomidan Parlament (oliy vakillik organi)ga hisob berar ekan, Parlament faoliyatini tartibga soluvchi konstitutsiyaviy qonunlar (Konstitutsiyaviy qonunlar, menimcha barmoq bilan sanarli ekanini barchamiz bilamiz, shuning uchun ham ularning yuridik kuchi oddiy qonunlarnikidan ko‘p-da)da Parlament, deputatlar so‘rovlari, eshituv savollari sudlarning muayyan ishlariga qaratilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan;

– Va sodda qilib aytganda, Parlament deputatlari professional qonun ijorkorligi faoliyati bilan shug‘ullanadi, boshqa joyda ishlamaydi, tadbirkorlik qilmaydi. Ular sudlarning umumiy faoliyatini yaxshilash, inson huquqlarini ta'minlashda sudlar o‘rni va rolini oshirishga xizmat qiluvchi norma ijodkorligini qiladi, qonunlar yaratadi, shu maqsadda Parlamentning umumiy nazoratini ham o‘rnatadi.

– Mahalliy vakillik organlari a'zolari esa, boshqa faoliyat bilan shug‘ullanadi... tadbirkorlik qiladi...

– Qolaversa, mahalliy vakillik organi boshlig‘i ham hozircha hokimdir. Shuning uchun ham joylardagi ijro hokimiyati rahbari boshchilik qilayotgan vakillik organiga sudlarning axborot berishi, Konstitutsiyadagi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, sud hokimiyati – hokimiyat bo‘linishi va bir-birini tiyib turishi deyiladigan, Sharl Lui de Sekonda, baron de La-Bred i de Monteske g‘oyalari asosida umume'tirof etilgan tamoyillarga shikast yetkazishi mumkin.

B) Nega samara va natijasiz?

Javob: Ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yilning o‘zida sud raislarining 900 ta axboroti eshitilgan. Menimcha, bugunga qadar bu ko‘rsatkich, 3000 dan oshdi.

Endi ochiqchasiga ayting-chi, mazkur eshituvlardan siz biror samarani sezdingizmi?

Men bu savolni maqolani o‘qiyotgan yurtdoshlarimizga berayotganim yo‘q. Bu savol aynan mahalliy vakillik organi a'zolariga berilmoqda. Ha, deya olmaysiz. Chunki men sudya sifatida Siz kabi buning samarasi bor deb o‘ylamayman. Odamlar ham katta ehtimol bilan shu fikrda. Ba'zilari, bu borada Parlament eshituvining ham samarasini sezganimiz yo‘q-ku deyishayotgandir balki, lekin unchalikmas, Parlament eshituvining samarasi bor albatta. Buni qabul qilinayotgan qonunlarda ko‘rish mumkin.

Natija bermayotganini, samarasizligining sabablaridan asosiysi esa, avvalo eshituvning yakuni, natijasi haqida qanday chora-tadbir belgilanishi, nima hujjat qabul qilinishini qonunda belgilanmaganidadir. Bu norma belgilansa mobodo... Lekin belgilab bo‘lmaydi, sababki unda bu axborot eshitish emas, hisobot so‘rash bo‘lib qoladi va bu o‘z-o‘zidan maqsadga muvofiq emas...

Biroz hazil bo‘lsa-da, shuning uchun ham men «o‘tgan davr mobaynida sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta'minlash, qolaversa, sud hokimiyatining ochiqligi masalasida ham bir qator ijobiy natijalarga erishildi», deb aynan «xalq deputatlari mahalliy kengashlari tomonidan sudlar faoliyatiga oid axborotni eshitish amaliyoti»ni hech bir mushohada qilmay gapirayotgan notiqlarni eshitsam, televizorni boshqa kanalga olaman. To‘g‘ri-da, ularning gapi ham balki to‘g‘ridir...

V) Nega yuzaki, rasmiyatchilik uchun?

Javob: «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunning 34-, 38-moddalarida sudi raisi – sudning fuqarolar huquqlari va erkinliklarini, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud yo‘li bilan himoya qilishni amalga oshirishga doir faoliyati to‘g‘risida tegishli xalq deputatlari Kengashiga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etadi deb belgilab qo‘yilgan.

Endi shu normalarni har hududda har xil tushunish asosida tatbiq etayotgan mahalliy vakillik organlari hokim boshchiligida, har chorak reja-dastur qilib, sud raisini eshitadi, beradigan savollarning esa, 90 foizi sudlarning muayyan ishlariga bog‘liq, bunday savollarga sud rahbarlari ham «to‘g‘ri, o‘rinli savol», bu masalada sizga alohida ma'lumot taqdim etamiz», deyishdan boshqa iloji yo‘q.

Chunki ko‘pchilik XDK a'zolariga nima farqi bor axborotmi, hisobotmi, hammasi ham bir, baribir o‘zi hoxlagan savolni beradi. Savollar sudlarning muayyan ishlariga oid bo‘lmasin, yiliga kamida bir marta, «har chorak» va yuqori palataga hisobot berish uchun hoxlagan payt sudlarni eshitish maqsadga muvofiq emasligi...

Eshituvlarning yuzaki, rasmiyatchilik uchun ekanini yana bir sababi shuki, sudlar faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlar (har bir tuman kesimida, ish va nizolarning tarkibi, statistikasi) Oliy sudning rasmiy veb-saytida e'lon qilib boriladi. Sud raislari ham eshituvlarda aksariyat holatda shu ma'lumotlarni beradi-da, yo ularning axboroti boshqachami?

Keyingi sabab esa, «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunning 34- va 38-moddalarida sud raislari – bir oyda kamida bir marta joylarda sudyalarning aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etadi, shuningdek jamoatchilikni sudning faoliyati to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib boradi, deb belgilangan. Demak, aholi har oy oladigan axborotni XDK a'zolari keyinroq eshituv jarayonida olsa, mantiq qayerda bu yerda, deyman-da.

G) Nega sud-huquq sohasidagi islohotlarimizning umumiy asoslariga mos kelmaydi?

Javob: Umuman olganda, sud-huquq sohasidagi islohotlarga odamlarni ishontirish avvalo sudlarning chinakam mustaqilligiga aholini ishontirish bilan boshlanadi. XDK raislari kim? Hokimlar. Hokimlar kim? Ular ijroiya hokimiyatining joylardagi rahbarlari. Ular ham sudlarga murojaat-da'vo qiladilarmi? Ha. Masalan, «snos» masalasida va boshqa masalalarda. Bu murojaatlarni kim ko‘rib chiqadi? Sudyalarmi? Sud raisi ham sudyami? Ha. Mana bu – sizning mahalliy vakillik organlarini Parlament deputatlari, ular faoliyatiga solishtirganingizga javob – Parlament a'zolari sudga da'vo ariza kirita olmaydilar. Shuning uchun ularning bevosita sudlar faoliyatiga aralashuvi yo‘q...

XDK a'zolari – mahalliy deputatlar kim? Ular bir paytning o‘zida tadbirkor, korxona-tashkilot rahbarlari, shifokor, murabbiy, quruvchi va hokazolar. Ular sudlarga da'vo arizalar, arizalar bera oladilarmi? Ha. Ular bergan da'vo arizalarni kim ko‘radi? Sudyalar. Sud raislari ham sudyalarmi? Ha. Bu qaysi qonunda yozilgan? «Sudlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida. Yashang! Mana gap qayerda...

D) Nega korrupsiya holatlarini keltirib chiqaradi?

Javob: Misol uchun, siz mahalliy Kengash deputatisiz, sizning tanish-bilishingiz, qarindoshingiz yoki ko‘pincha saylovchingiz sizga murojaat qildi: «Deputat aka (opa), saylovlarda ko‘p va'da berdingiz, har bir murojaatlaringizga imkon qadar yordam beraman dedingiz, mana mening ishim, (o‘g‘limni, qizimni... va h.k.) ishi sudda, bir yordam qiling».

Siz nima qilasiz, sudyani qabuliga muayyan ish bilan bora olmaysiz, mumkin emas, endi o‘sha «eshituv»da hech bo‘lmaganda shu masalani bir ko‘tarib ko‘rasiz-da. «Avvalo uzr so‘rayman, o‘zimni muammom emas, saylovchilarniki... Hurmatli sud raisi, shu masalada qanday amaliy yordam bera olasiz?»

Savolni qarang, shu masalada qanday amaliy yordam bera olasiz. Raislar ham nima deydi. «A endi, bu muayyan ish bo‘yicha ekan, men yozib oldim, qonun asosida ko‘rib chiqiladi, sizga qo‘shimcha axborot beriladi»...

Tabiiyki, siz bu javobdan qoniqmaysiz. Chunki sizning bu javobingizdan saylovchi qoniqmaydi... Siz esa, saylovchiga amaliy yordam berishni so‘raysiz, sud raisi qonundan chiqishni istamaydi. Siz, buni saylovchiga tushuntira olmaysiz, ana shundan boshlanadi manfaatlar to‘qnashuvi degan eng chatoq korrupsiyagen holatlar.

Keyin sud raisi deputatlar oldida axborot berishda sermulozamat bo‘la boshlaydi, aksi bo‘lsa, deputatlar keraksiz savol beradi, axborotingizdan qoniqmadik deydi... va boshqa nozik, sezilar-sezilmas amaliyot shakllana boradi.

Bunday jarayonlar, rasmiyatchilikda yashiringan byurokratiya, vakolat va martabadan foydalanish, guruhbozlik, manfaatlar to‘qnashuvi degan salbiy iboralardan foydalanishimizga asos yaratib boraveradi... Bu esa, aholi ishonchiga aks ta'sir etadi. Bunisi esa ortiqcha...

...Ya) Nega xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining sud raislari axborotini eshituvlaridan voz kechish maqsadga muvofiq?

Javobni: qisqacha qilib, yuqoridagi bandlarda ko‘rsatib o‘tishga harakat qildim.

Faqat bir qo‘shimcha mulohazamki, mavlono Rumiy xazratlari ta'kidlaridek: «So‘z (gap) ko‘payib borgani sayin, so‘zdan ma'no chekinadi, maqsad uzoqlashib boradi». Bundan xulosani, fikrni o‘zingiz, o‘z qarichingiz asosida qilavering.

Muddao esa, samarasiz va jamiyatga nafi nolga teng, ziyoni sezilar-sezilmas ortib boraveradigan, xuddi keraksiz hamda natija bermaydigan ortiqcha tadbir, yig‘ilish kabi bir rasmiyatchilik bo‘lgan bu – eshituvdan voz kechish xayrliroqligi haqida fikr bildirish edi xolos!

Nuriddin Murodov, FIB Toshkent shahar
Uchtepa tumanlararo sudi sudyasi

Top