21:06 / 20.02.2021
32203

Yanvar oyida UzAuto Motors'ning avtomobil ishlab chiqarishi 4 barobarga qisqardi

Masalan, 2021 yilning ilk oyida atigi 2ta «Lacetti-Gentra» ishlab chiqarilgan. Pasayish Asakadagi zavod faoliyatining vaqtincha to‘xtatilishi bilan bog‘liq.

Foto: Askar Yakubov

UzAuto Motors 2021 yil yanvar oyida 5235 ta avtomobil ishlab chiqardi. Bu – bir yil oldingi ko‘rsatkichdan 4,2 barobarga kam: 2020 yil yanvarida kompaniya 22 mingta avtomobil ishlab chiqargandi.

Statqo‘m xabariga ko‘ra, yengil avtomobil ishlab chiqarishdagi pasayish dekabr–yanvar oylarida Asakadagi zavodda ishlarning to‘xtatilishi bilan izohlangan.

2020 yil yanvar oyida UzAuto Motors 5078ta «Cobalt» ishlab chiqargan bo‘lsa, bu raqamlar joriy yilning ilk oyida 101 tani tashkil etgan. «Nexia T-250» (5962tadan 88tagacha), «Lacetti-Gentra»(4340tadan 2tagacha) va «Spark»(2320tadan 39tagacha) modellari ham kamaygan. Bu modellar Asakadagi zavodda ishlab chiqariladi.

Xorazmdagi zavodda ishlab chiqariladigan «Damas» (3989tadan 4335tagacha) va «Labo» (311tadan 670tagacha) ishlab chiqarish hajmi oshgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda 2021 yil yanvarida 6 dona avtobus ishlab chiqarilgan. Taqqoslash uchun, 2019 yil yanvarida 74ta, 2020 yil yanvarida esa 51ta avtobus ishlab chiqarilgandi.

Yilning ilk oyida traktor ishlab chiqarish ham sezilarli kamaygan: bor-yo‘g‘i 5 ta traktor ishlab chiqarilgan. Bir yil oldin bu ko‘rsatkich 25ta, ikki yil oldin esa 9tani tashkil etgandi.

2021 yil yanvar oyida 250 dona yuk avtomobili ishlab chiqarilgan. O‘tgan yilning mos davrida bu raqam 272ta edi.

Top