09:19 / 21.02.2021
6337

Amnesty International Navalniyni ozod qilishga chaqirdi

Amnesty International tashkiloti huquqshunoslarining Aleksey Navalniyni ozod qilish haqidagi petitsiyasi 195 ming imzo yig‘di.

Rossiyaga qaytgach hibsga olingan muxolif siyosatchi Aleksey Navalniyni zudlik bilan ozod qilish haqidagi petitsiyaga 195482 nafar inson imzo chekdi. Bu ma'lumot hujjatni tuzgan Amnesty International vakillari tomonidan 19 fevral kuni e'lon qilindi.

Daniyadan 38 ming, Niderlandiyadan 30 ming, Norvegiyadan 23 mingdan ziyod ovoz to‘plangan. Shuningdek, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan ham 20 mingdan ortiq ovoz to‘plandi.

Huquqshunoslarning xabar berishicha, ovozlarning bir qismi elchixonalar orqali Rossiya hukumatiga yetkazilgan. Petitsiyaning o‘zi esa Rossiya prezidenti Vladimir Putinning administratsiyasiga berilgan.

«Iv Roshe» ishi

«Novichok» guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlangani gumon qilinayotgan Aleksey Navalniy Germaniyada davolanib, 17 yanvar kuni Rossiyaga qaytib kelgandi. 2 fevral kuni u «Iv Roshe» ishi bo‘yicha 2 yilu 8 oyga ozodlikdan mahrum qilingandi.

«Iv Roshe» ishi doirasida 2014 yilda Aleksey va uning ukasi Oleg firibgarlikda ayblanib hibsga olingandi. Ular firibgarlik va pul yuvishda ayblangan. Navalniy o‘shanda shartli ravishda 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan va uning sinov muddati 2020 yil 30 dekabrda o‘z nihoyasiga yetdi. 2017 yil Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Navalniyning ishida Yevropa konvensiyasi talablari buzilganini e'lon qilgandi.

Agar Simonovskiy sudi chiqargan hukm kuchida qoladigan bo‘lsa, Navalniy 2023 yilning oktyabrida ozodlikka chiqishi mumkin.

Siyosatchining hibsga olinishidan so‘ng Rossiya va dunyoning o‘nlab shaharlarida 23 va 31 yanvar kunlari muxolifatchi va boshqa siyosiy mahbuslarni qo‘llash uchun tinchlik mitinglari o‘tkazildi. Mitinglardan so‘ng Navalniyning bir qancha tarafdorlari 23 martga qadar uy qamog‘iga o‘tkazilgan. Navalniyning rafiqasi Yuliya fevral oyi boshida Rossiyani tark etib, Germaniyaga uchib ketgan.

Mavzuga oid
Top