18:50 / 21.02.2021
7398

Jokovich «Australian Open»da g‘olib bo‘lib, «katta dubulg‘a» turkumidagi 18-sovrinini qo‘lga kiritdi

Tennis bo‘yicha yilning ilk «katta dubulg‘a» turkumidagi musobaqasi – «Australian Open»ning erkaklar yakkalik bahslari o‘z nihoyasiga yetdi. Finalgacha rossiyalik 25 yoshli Daniil Medvedev hamda serbiyalik Novak Jokovich yetib keldi.

Dunyoning birinchi raketkasi Jokovich finalning faqat birinchi setida qiyinchilikka duch keldi va taybrekda g‘alaba qozondi. Keyingi ikki setda esa serbiyalik tennischi osonlik bilan g‘alabani ta'minladi: 6:2, 6:2. Shu tariqa Jokovich 9-marta Avstraliya ochiq chempionatida g‘olib bo‘ldi.

Bu Jokovichning «katta dubulg‘a» turkumidagi musobaqalarda qo‘lga kiritgan 18-g‘alabasi bo‘ldi. Bu borada serb faqat Rojyer Federer va Rafael Nadaldan ortda qolmoqda. Bu ikki tennischi 20 marta «katta dubulg‘a» toifasidagi turnirlarni yutgan. Bugun Jokovich yirik musobaqalardagi 101-sovrinini qo‘lga kiritdi. U 83 marta masters turkumidagi musobaqalarda ham g‘alaba qozongan.

Rossiyalik Daniil Medvedev oxirgi yillarda tennis olamidagi eng yorqin kashfiyot deb baholanmoqda. U o‘tgan mavsumda yilning yakunlovchi masters musobaqasida g‘olib bo‘lgandi. O‘shanda rossiyalik tennischi yarimfinalda Jokovichni yenggan. Medvedevning hisobida masters turkumidagi 9 ta musobaqa g‘olibligi bor. 25 yoshli sportchi ikki marta «katta dubulg‘a» turkumidagi turnir finaliga chiqqan. Medvedev bugungi raqibi Jokovich uchun ham noqulay raqib hisoblanardi. U oxirgi to‘rtta o‘zaro o‘yinning uchtasida serbni mag‘lub etgan. Avstraliya ochiq chempionati finali Medvedevni dunyo reytingida uchinchi o‘ringa olib chiqdi.

Medvedev «Australian Open» yakkalik bahslarida g‘olib bo‘lgan to‘rtinchi rossiyalikka aylanishi mumkin edi. Ungacha Yevgeniy Kafelnikov (1999), Marat Safin (2005 yil) va Mariya Sharapova (2008) yilning ilk «katta dubulg‘a» musobaqasi hisoblangan «Australian Open»ni yutgan.

Jokovich «Australian Open»ning bu yilgi musobaqasini eng ko‘p eys qilgan tennischi bo‘lib yakunladi. U yettita o‘yinda 103 ta eysni amalga oshirdi. Finalda Medvedev serbga bunday imkoniyatni atigi uch marta berdi va o‘zi 6 marta eys qildi. Biroq Jokovichda birinchi zarbadan keyin ochko yutib olish samaradorligi yuqori bo‘ldi. Shuningdek, serb yuzaga kelgan 11 ta breyk pointdan 7 tasini yutib, katta ustunlikni ta'minladi. Jokovich final davomida rossiyalik raqibining eng nozik jihatiga bosim qildi: Medvedev orqa chiziqdan forxendlarni samarali amalga oshira olmagani sabab Jokovich uni to‘rga yaqinlashtirmaslikka harakat qildi va olis burchakka berilgan zarbalari bilan ustunligini mustahkamladi. Shuningdek, serb raqibi chap tomonidan kelgan zarbalarga yaxshi qarshilik qila olmasligini ham to‘g‘ri anglab, bosim qildi.

Jokovich juda yuqori temp taklif qilmadi va raqibini doimiy to‘rdan olisda ushladi. Uzun zarbalarda oqsaydigan Medvedev esa ko‘p marta forxend amalga oshirganda to‘pni autga yoki to‘rga urib, serbga ochko sovg‘a qildi. Mutaxassislarning fikricha, Jokovich finalni taktik ustunlik bilan osonlikcha yutib oldi.

Bu yil musobaqada mukofot jamg‘armasi oldingi yilgiga qaraganda kamaygan. Jokovich musobaqa g‘olibi sifatida 2,75 million yevro ishlab oldi. O‘tgan yil g‘oliblar uchun mukofot 4,12 million dollar etib belgilangan. Turnir finaliga yetib borgan Medvedev 1,5 million dollar mukofot bilan ortga qaytadigan bo‘ldi.

Top