20:25 / 22.02.2021
4129

Shvetsiya fuqarosi Rossiya foydasiga josuslik qilishda ayblandi

Ma'lumot berilishicha, Volvo Cars va Scania kompaniyalarining sobiq konsultanti bo‘lgan ushbu shaxs 2019 yil fevralda Rossiya elchixonasi xodimi bilan uchrashgan vaqtida qo‘lga olingan.

Shvetsiya fuqarosiga nisbatan Rossiya foydasiga josuslik qilish ayblovi e'lon qilindi, deb xabar bermoqda Reuters.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, 47 yoshli erkak Rossiya elchixonasi xodimiga qandaydir ma'lumotlarni bergan va buning evaziga uch ming dollarga yaqin pul olgan.

Prokuror bayonotida aytilishicha, u Shvetsiyadagi bir nechta kompaniyada ishlagan va noqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan maxfiy ma'lumotlarni sotish bilan shug‘ullangan. Qayd etilishicha, ushbu shaxsning xatti-harakatlari mamlakat xavfsizligiga tahdid uyg‘otgan.

«U avvalgi joylarida konsultant sifatida ishlab, Rossiyaga berish uchun ma'lumot to‘plagan. Unga yaxshi mablag‘ to‘langanligi ruslar bu ma'lumotni qanchalik yuqori baholashganini bildiradi», — deb ta'kidladi prokuror Mats Yungkvist.

Ma'lumot berilishicha, Volvo Cars va Scania kompaniyalarining sobiq konsultanti bo‘lgan ushbu shaxs 2019 yil fevralda Rossiya elchixonasi xodimi bilan uchrashgan vaqtida qo‘lga olingan. Qo‘lga olingan chog‘ida uning yonidan 28 ming kron (uch ming dollarga yaqin) pul topilgan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, u josuslik uchun olti yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Mavzuga oid
Top