20:17 / 23.02.2021
17068

«O‘qituvchida nima ayb?» - Deputat maktablar reytingi OTMga kirgan o‘quvchilar soni bilan belgilanishiga e'tiroz bildirdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev «Yangiyo‘lliklar TV» loyihasiga bergan intervyusida maktablar reytingi oliy ta'lim muassasasiga o‘qishga kirgan o‘quvchilar soniga ko‘ra toifalanishiga, oliy ta'lim muassasalariga kira olmagan o‘quvchilari sababli maktab direktorlari ishdan olinishiga o‘z munosabatini bildirdi.

Deputat o‘qituvchilar yoki maktab direktorlari o‘quvchilarning oliygohga kirishlari uchun mas'ul emasligini aytib o‘tgan.

«Maktablar standartlar bo‘yicha belgilangan ta'limni berishi kerak. Bola o‘qishga kiradimi, yo‘qmi – o‘zi hal qilsin. Bu maktabning bo‘ynidagi ish emas.

Bolada o‘qishga xohish bo‘lmasa, intilish bo‘lmasa, psixologik bosim ostida bo‘lsa, ya'ni atrofdagi korrupsiya holatlarini, oliy ma'lumotlilar kam maosh olayotganini ko‘rib umuman o‘qishni xohlamayotgan bo‘lsa-chi? Ota-onasi tadbirkor bo‘lsa, uyam shunga qiziqsa, shu orqali pul topishni maqsad qilgan bo‘lishi mumkin. Bu holatda o‘qituvchini ayblay olmaymiz. O‘qituvchidan sifatli ta'limni talab qilish kerak faqat. Bilim olish, dunyoqarash, hammasi oiladagi muhit bilan bog‘liq bolaning o‘qishga kirishi. O‘quvchi o‘qishga kirolmasa o‘qituvchida nima ayb? Yoki dangasa bo‘lsa bola...

Birovning harakati uchun birovni javobgar qilib bo‘lmaydi. Agar shuning uchun ishdan bo‘shatadigan bo‘lsa sudlashish kerak», deydi Kusherbayev.

Deputat bunday talab qo‘yilayotgan soha xodimlarida huquqiy savodxonlik bo‘lishi lozimligini ham ta'kidlagan. Bundan tashqari, maktablar va o‘quv markazlari o‘rtasidagi sog‘lom raqobat vujudga kelishi normal holat ekanligini aytib o‘tgan.

«O‘zida xohish bor odam davlat standartlari asosida tekinga bilim olish huquqiga ega (maktabda), bundan qanoatlanmagan holda qo‘shimcha o‘quv markazlarida chuqurroq bilim olishi ham mumkin.

Bilim – bu pul aslida. Ta'lim standartidan kelib chiqib bepul ta'lim ham bor, qo‘shimcha bilim olish uchun bunday markazlar ham tashkil etilgan. Lekin oliygohga kirayotganlar bo‘yicha solishtirsak, xususiylarda ustunlik bor. Negaki, ularda dars berayotgan pedagoglarni rag‘batlantirish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Oyligi yaxshi, hasharga yoki tadbirlarga borish, sinfni tozalab qo‘yish kabi majburiyatlar yuklatilmaydi. O‘qituvchining ishi faqat bilim berish, yaxshi natija ko‘rsatishga qaratiladi», deydi u.

  • Avvalroq Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov maktablar ta'lim sifatiga qarab «to‘q qizil», «och qizil», «sariq» va «yashil» ranglarda tasniflanishi haqida gapirgan edi. Unga ko‘ra, birorta ham o‘quvchisi OTMga kirmagan maktablar «to‘q qizil» rangda, 10 foizgacha o‘quvchisi OTMga kirgan maktablar «och qizil», 30 foizgacha o‘quvchisi OTMga kirgan maktablar «sariq» va o‘quvchilarining OTMga kirish ko‘rsatkichi 30 foizdan oshgan maktablar «yashil» rangda belgilangan.
  • 2020 yil noyabrida Sherzod Shermatov boshchiligidagi yig‘ilishda birorta bitiruvchisi OTMga kirmagan Qashqadaryo viloyatidagi 20ta maktab direktorlari ishdan olingani xabar qilingandi. Keyinroq Navoiy viloyatida ta'lim sifati past bo‘lgan 26 ta maktab direktorlari ishdan olindi.
Top