18:36 / 24.02.2021
3330

2020 yilda O‘zbekiston Yevropaga 288 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilgan

 Germaniyadan bir guruh to‘qimachilik sohasi vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurdilar. Mehmonlarda Cotton Campaign koalitsiyasi bilan hamkorlikda erishilgan natijalar va Xalqaro Mehnat Tashkilotining 2020 yil hosili natijalariga ko‘ra hisobotida O‘zbekistonda paxta terimi paytida majburiy mehnat omillari mavjud emasligi ilk bora tasdiqlangani katta qiziqish uyg‘otgan.

 

O‘zbekistonga tashrif buyurgan Mangold Consulting xalqaro konsalting kompaniyasi rahbari Klaus Mangold «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisi Ilhom Haydarov bilan uchrashuvi chog‘ida ilgari surilgan Germaniya kiyim-kechak brendlarining o‘zbek to‘qimachilik korxonalari bilan hamkorlikka qiziqishi oshib borayotgani haqida gapirdi.

2018 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev Klaus Mangoldni qabul qilgan va Germaniya bilan aloqalarni mustahkamlash borasida so‘zlashgan. Bundan tashqari 2020 yilda Klaus Mangold Bosh Vazir o‘rinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov bilan ham uchrashib qo‘shma loyihalar haqida suhbatlashgan.

Klaus Mangoldning so‘zlariga ko‘ra, pandemiya sharoitida ko‘plab Germaniya kompaniyalari to‘qimachilik ta'minot zanjirlarini qayta ko‘rib chiqmoqdalar. Bunga nemis to‘qimachilik mashinasozligi sanoatining rivojlanishi to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarilishiga bevosita bog‘liqligi sabab bo‘lmoqda. Faktlar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistondan Germaniyaga to‘qimachilik mahsulotlari eksporti kamaygan. Biroq, Germaniya riteylerlari muloqotga tayyor va 2021 yilning ikkinchi yarmida taniqli Germaniya kiyim-kechak brendlarini o‘z ichiga olgan delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrif buyurishi rejalashtirilayapti.

O‘z navbatida, Ilhom Haydarov to‘qimachilik sanoatida erishilgan yutuqlar, xususan, paxtachilik sohasidagi islohotlar, paxta-to‘qimachilik klasterlari loyihalarining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi, Hukumat tomonidan mahsulotlarni sertifikatlashtirish uchun subsidiyalar haqida so‘zlab berdi.

Germaniyalik mehmonlarni Cotton Campaign koalitsiyasi bilan hamkorlikda erishilgan katta natijalar va Xalqaro Mehnat Tashkilotining 2020 yil hosili natijalariga ko‘ra hisobotida O‘zbekistonda paxta terimi paytida majburiy mehnat omillari mavjud emasligi ilk bora tasdiqlangani katta qiziqish o‘yg‘otdi. Aynan ushbu masalalar yuzasidan to‘liq ma'lumot taqdim etilishi va ushbu ma'lumot Germaniya kompaniyalariga yetkazilishi ta'kidlandi.

2020 yil natijalariga ko‘ra O‘zbekiston Yevropa mamlakatlariga 288 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilgan, shundan 2019-2020 yillarda Germaniyaga 14 million dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirilgan.

Top