10:53 / 25.02.2021
35947

AQSh Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llamoqda. Bu haqda nimalar ma'lum?

AQSh tez orada Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini e'lon qilishi kutilmoqda. Sobiq prezident Donald Tramp administratsiyasi muddatining oxirgi vaqtlarida Solar Winds nomini olgan turkum hakerlik hujumlari va Aleksey Navalniyning zaharlanishi bilan bog‘liq holatlar sabab Rossiyaga qarshi sanksiyalar paketini tayyorlagandi, lekin negadir Tramp uni imzolamadi.

Oq uy matbuot kotibi Jyennifer Psakining aytishicha, yangi paketlar yaqin haftalarda e'lon qilinadi. «Razvedkachilarga murojaat qildik, shuningdek, oldingi administratsiya boshlagan hujjatlarni mukammallashtirish ustida ishladik. Biz [Rossiyaga] tez orada javob beramiz. Yaqin oylarda emas, haftalarda», dedi Oq uy matbuot kotibi.

Hakerlar va Navalniy

Joriy yil yanvarida AQSh razvedkachilarining o‘zaro yig‘ilishida mamlakatda Solar Winds ramziy nomini olgan turkum hakerlik hujumlari ortida katta ehtimol bilan Rossiya hukumati turgani haqidagi xulosaga kelindi. Bu kiberhujumlar davomida AQShning 9ta federal agentliklari, xususan, mudofaa, savdo, energetika, ichki xavfsizlik va moliya tashkilotlari hujumga uchragan. Bundan tashqari, yana 100ta xususiy kompaniyaga rus hakerlari hujum qilgan.

Yangi sanksiya paketlari e'lon qilinishining yana bir sababi muxolif siyosatchi Aleksey Navalniyning zaharlanishi hisoblanadi. Bayden va Davlat departamenti rahbari Blinken hukumat almashgach, bir necha bor yangi administratsiyaning vazifasi inson huquqlarini buzayotgan Rossiyani jazoga tortish ekanini aytib keladi. Bayden prezidentlikka kelgach, birinchilardan bo‘lib aynan Putinga telefon qildi va undan Navalniyning zaharlanishi borasida qaysidir ma'noda hisob so‘radi. Oq uy va Davlat departamenti rasman Navalniyni qo‘yib yuborishni so‘rab chiqdi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, Bayden sanksiyalar borasida Yevropa Ittifoqidan ortda qolmoqda. Ittifoq Navalniyning zaharlanishi sabab Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni e'lon qilib bo‘ldi. AQSh ittifoqning bu ishini olqishlashga ham ulgurdi.

Qanday sanksiyalar bo‘lishi mumkin?

O‘tgan yil yakunida Davlat departamenti Rossiyaga qarshi sanksiyalarni ishlab chiqqan va katta ehtimol bilan ular yanada kengaytirilgan. Shunisi aniqki, sanksiyalar ro‘yxati aniq va OAV ular qanday bo‘lishini taxmin qilmoqda. VVS sanksiyalar uch turda bo‘lishini taxmin qilgan.

Aleksey Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha Rossiyaga inson huquqlarini buzganlik bo‘yicha sanksiyalar qo‘llanadi. Xuddi «Magnitskiy akti» kabi. Bu sanksiyalarga rossiyalik harbiylar uchrashi mumkin. Xususan, uni zaharlashda qatnashgani aytilgan FXX xodimlari. Bevosita Navalniyni zaharlashda qatnashgani aytilgan odamlar 1991 yilda qabul qilingan «Biokimyoviy qurol to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra alohida ro‘yxat qilinishi mumkin. Bu ishda qatnashganlarning aktivlari muzlatilishi ham sanksiyalarning bir qismi bo‘ladi.

Davlat departamenti Rossiyadagi yirik amaldorlarga mamlakatga kirish taqiqi qo‘yilishi bilan birga kimyoviy qurol ishlab chiqarishda ishlatilishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarning Rossiyaga eksportini taqiqlashni taklif qilmoqda. Ya'ni Rossiyaga e'lon qilinajak ro‘yxatda keltirilgan mahsulotlarni sotgan davlat yoki kompaniya ham AQSh sanksiyasiga uchraydi.

Oq uy hozircha yangi administratsiyaning tashqi siyosat bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqqani yo‘q, lekin Rossiyaga qarshi sanksiyalar yangi rejalar qabul qilingunga qadar e'lon qilinishi mumkin. Chunki ular o‘tgan yildayoq e'lon qilinishi kerak edi va Tramp hujjatni imzolamay ketib qoldi.

Ekspertlarning fikricha, Bayden yangi siyosat bo‘yicha rejasini bemalol ishlab chiqishi mumkin, lekin Navalniyga qilingan ish uchun sanksiyalarni kechiktirib bo‘lmaydi. Ekspertlar Bayden faqat shu tarzda Putinning agressiv siyosatiga toqatsiz ekanini ko‘rsatishi mumkinligini aytishmoqda.

Tramp administratsiyasining Rossiya va Yevropa masalalari bo‘yicha ishlagan mutaxassisi Rayan Tall Rossiyaga qarshi sanksiyalarda asosiy e'tibor Rossiya gaz eksporti uchun hayot-mamot masalasi bo‘lgan «Shimoliy oqim-2» qurilishiga qaratilishi kerak deb hisoblaydi. «Bu Putinga tegishli sandiqlarni milliardlab pullardan mahrum qiladi», degan Tall.

Mavzuga oid
Top