16:55 / 25.02.2021
35370

Samarqanddagi savdo markazida xotini va bir erkakni o‘ldirgan shaxs 22 yilga qamaldi

Samarqand shahridagi savdo markazi hududida xotinini xiyonatda gumonsirab, uni va u bilan birga bo‘lgan erkakni pichoqlab o‘ldirgan shaxsga 22 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

2020 yilning 20 noyabrida soat 18:00 atrofida Past Darg‘om tumanidan bo‘lgan shaxs Samarqand shahrining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan savdo markazi hududida qotillik sodir etgandi. U o‘z xotinini va u bilan birga bo‘lgan erkakni savdo markazida pichoqlagan, jabrlanganlar o‘tkir qon yo‘qotishi natijasida voqea joyida vafot etgandi.

Shu kunlarda mazkur ish yuzasidan olib borilgan tergov harakatlari yakunlanib, ish sudda ko‘rib chiqildi. Jinoyatchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a» va «j» bandlari (ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirish) bilan aybli deb topilib, 22 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Jazo muddati 2020 yil 20 noyabr kunidan boshlab hisoblanishi ma'lum qilindi.

Mavzuga oid
Top