18:04 / 26.02.2021
7868

Barcha ayollarga ham jamiyatda o‘rnini topishi uchun munosib sharoit yaratib berilmagan – prezident xotin-qizlar muammolari haqida

Ayollarni xo‘rlash, o‘zini-o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish oddiy holga aylanishi oqibatida O‘zbekistonda 2020 yili 15 mingga yaqin ayol zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ayollar va qizlarning muammolarini hal qilish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasiga bag‘ishlangan videoselektorda ma'lum qildi.

Yig‘ilishda prezident O‘zbekistonda «mahallabay» tizimni, yoshlar va ayollar daftarlari qanday ishlashini tushunmagan rahbar endi ishlay olmasligini ma'lum qildi.

«Xalqimizning qariyb yarmini, ya'ni 17 millionga yaqin aholini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Lekin barcha ayollarga ham jamiyatda o‘rnini topishi uchun munosib sharoit, imkoniyat yaratib bera olyapmiz-mi? Afsuski, yo‘q.

O‘tgan ikki yilda 116 mingga yaqin ayollar o‘z tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatgan. Qishloq joylarida, olis va chekka hududlarda istiqomat qilayotgan xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati talab darajasida emas. Masalan, mamlakatimizda har yili 3,5 mingdan ortiq ayollar ko‘krak bezi saratoni, 1,5 mingga yaqin xotin-qizlar ayollarga xos kasalliklaridan vafot etmoqda», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Davlat rahbari ajrimlar soni ham yuqoriligicha qolayotganiga to‘xtalgan.

«O‘tgan 2020 yili respublikada ajrimlar soni 28 mingdan ortgan. Qashqadaryoda – 2 ming, Xorazmda – 1,1 ming, birgina Romitan tumanida – 110ta ajrim qayd etilgan. Er-xotin o‘rtasidagi doimiy janjal, xiyonat, kuch ishlatish va migratsiya ajrimlarning 70 foiziga sabab bo‘lmoqda.

Eng achinarlisi, ayollarni xo‘rlash, o‘zini-o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish hamda omma oldida «sazoyi» qilish holatlari oddiy holatga aylanib bormoqda. O‘tgan yili 15 mingga yaqin xotin-qizlar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan.

Shu bilan birga, o‘tgan yillarda 480 mingga yaqin xotin-qizlar uzoq muddatga xorijga ishlash uchun ketgan bo‘lib, hozirda ularning farzandlariga oid ma'lumotlar hech qaysi idorada mavjud emas», deydi davlat rahbari.

Top