15:20 / 26.02.2021
7128

Bojxonachilar qariyb 1,7 kg giyohvandlik vositalarini ichki a'zolariga yashirgan shaxslarni qo‘lga olishdi

Surxondaryo viloyatida o‘zidan «jonli konteyner» sifatida foydalanib, giyohvandlik vositalarini ichki a'zolariga yashirgancha olib kirishga bo‘lgan bir nechta urinishlar fosh qilindi.

Davlat bojxona qo‘mitasidan xabar qilishlaricha, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi «Ayritom» chegara-bojxona postiga piyoda ravishda kirib kelgan qo‘shni davlat fuqarosi T.S. inson tanasini skanerlovchi qurilma ko‘magida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, uning ichki a'zolarida yumaloq shakldagi shubhali predmetlar borligi ma'lum bo‘lgan.

«Shundan so‘ng shifokorlar ko‘magida bu shaxsning ichidan 44 dona polietilen o‘ramlar chiqarib olindi. Mazkur o‘ramlarga sof og‘irligi salkam 430 gr.ni tashkil qiluvchi opiy giyohvandlik vositasi yashirilgan ekan.

Xo‘sh, ushbu shaxsning boshqa sheriklari bormi? Mazkur narkotik moddalar kimga yetkazilishi kerak edi?

Ushbu holatni mantiqan to‘la yakuniga yetkazish maqsadida Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar idoralari vakillarini jalb qilgan holda ko‘p bosqichli tezkor tadbir rejasi ishlab chiqildi.

Natijada, giyohvandlik vositalarini ichki a'zolariga yashirgancha olib kirishga uringan boshqa shaxslar ham qo‘lga olindi.

Tezkor tadbir davomida, «Ayritom» chegara bojxona postiga piyoda ravishda kirib kelgan qo‘shni mamlakat fuqarosi Q.K. ham tezkor kuzatuvga olindi va skaner qurilmasi ko‘magida ko‘zdan kechirildi. Natijada, ushbu shaxsning ichida ham 34 dona skotchlangan o‘ramlar borligi fosh bo‘ldi.

Tibbiyot xodimlari ishtirokida chiqarib olingan mazkur o‘ramlar tekshirib ko‘rilganida esa, ularning ichida salkam 650 gr gashish giyohvandlik vositasi borligi fosh bo‘ldi.

Oradan biroz o‘tib, mazkur postga kirib kelgan fuqaro Q.N.ni ham o‘zidan oldingi sheriklarining qismati kutayotgan edi.

U ham ichki a'zolariga narkotik moddalarni yashirgani bir zumda bodi-skaner qurilmasi ko‘magida fosh qilindi. Bu gal 31 dona o‘ramlar uchun «jonli konteyner» vazifasini o‘tashga uringan shaxs 592,22 gr gashish giyohvandlik vositasini shu zaylda olib o‘tmoqchi bo‘lgan.

Shundan so‘ng tezkor tadbirlar Toshkent shahrida ham davom ettirilib, poytaxt mehmonxonlaridan birida mazkur narkotik moddalarni qabul qilib olishi kerak bo‘lgan shaxs ham qo‘lga olindi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 1672,22 gramm og‘irlikdagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi», – deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Top