15:07 / 27.02.2021
6270

Bayden Ar-Riyodni inson huquqlari buzilganligi uchun javobgarlikka tortmoqchi ekanligini aytdi

AQSh prezidenti Jo Bayden Saudiya Arabistoni qiroli Salmonni "inson huquqlari buzilganligi sababli" Ar-Riyodni javobgarlikka tortishi to‘g‘risida ogohlantirganligini aytdi.

Foto: AP

"Kecha valiahd shahzoda bilan emas, qirol bilan gaplashdim. Unga qoidalar o‘zgarayotganini hamda bugun va dushanba kuni sezilarli o‘zgarishlar to‘g‘risida e'lon qilishimizni tushuntirdim. Ularni inson huquqlari buzilganligi uchun javobgarlikka tortmoqchimiz", - dedi Bayden Univision mediakompaniyasiga bergan intervyusida.

"Agar Ar-Riyod biz bilan ish olib bormoqchi bo‘lsa, inson huquqlariga rioya qilishi kerak", - deya qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti.

 CNN telekanalining xabar berishicha, AQSh milliy razvedka direktori boshqarmasi Turkiyada jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi operatsiyasini Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi shaxsan ma'qullagan deb taxmin qilmoqda.

"Bizning bahomizga ko‘ra, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon Istanbulda saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining qo‘lga olinishi yoki o‘ldirilishi bo‘yicha operatsiyani ma'qullagan", - deyiladi AQSh razvedka xizmatining kongressga taqdim etilgan hisobotida.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken juma kuni Vashington fikriga ko‘ra jurnalistning o‘ldirilishiga aloqador deb hisoblangan 76 nafar Saudiya Arabistoni fuqarosiga nisbatan viza cheklovlari joriy etilganligini e'lon qildi.

Rasmiy Ar-Riyodning siyosati haqidagi tanqidiy maqolalari bilan ma'lum bo‘lgan jurnalist Jamol Qoshiqchi AQShda yashagan va The Washington Post nashri bilan hamkorlik qilgan. U 2018 yil 2 oktyabrda Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulxonasiga tashrifi vaqtida izsiz yo‘qolgan. 20 oktyabrda esa Saudiya Arabistoni rasmiylari Qoshiqchi konsulxonada chiqqan nizo vaqtida o‘ldirilganini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid
Top