16:47 / 01.03.2021
3022

Hududlarda salomatlik aksiyasi davom etmoqda. Vazirlik guruhi Toshkent viloyatiga bordi

Namangan viloyatidan boshlangan Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tashkillashtirilgan «Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!» shiori ostidagi salomatlik aksiyasi o‘tgan haftadan boshlab Surxondaryoda, 1 martdan esa Toshkent viloyatida davom etmoqda.

«Aksiya doirasida malakali tibbiyot xodimlari, jumladan, vazirlik tarkibiy tuzilmalari rahbarlari, poytaxtdagi tibbiyot oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining rahbarlari ikki viloyatga ham safarbar qilindi. 

Bugun poytaxtdagi tibbiyot muassasalaridan va tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining rahbarlari hamda mutaxassislari Toshkent viloyatiga yo‘l oldi. 

Aksiya davomidagi tadbirlar mahallabay kesimda o‘tkazilib, «temir daftar»ga kiritilgan fuqarolar shifokorlar tomonidan o‘z uylarida ko‘rikdan o‘tkaziladi, kerakli davo choralarini oladi hamda zarur hollarda tibbiyot muassasalariga yetkazilib, ularda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari amalga oshiriladi. 

Nogironligi bo‘lgan va boshqa muhtoj shaxslar protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta'minlanadi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

 

Aksiya davomida bir qancha jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Xususan, buyrak transplantatsiyasi, endoprotezlash, yurakka stent o‘rnatish kabi eng murakkab jarrohlik amaliyotlari tibbiy ko‘rsatmaga qarab, viloyat yoki poytaxtimizdagi eng nufuzli muassasalarda bepul amalga oshirilishi mo‘ljallangan.

Toshkent viloyatining 2,9 million nafar aholisiga 245ta davolash-profilaktika va yordamchi muassasalar tomonidan tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. 

«Viloyatda 2019 yilga nisbatan 2020 yilda nafas a'zolari kasalliklari 37 foizga, ovqat hazm qilish a'zolari kasalliklari 12 foizga, qon va qon yaratish a'zolari kasalliklari 8 foizga, suyak-bo‘g‘im kasalliklari 6 foizga, endokrin tizimi kasalliklari 4,8 foizga kamaygan bo‘lishiga qaramasdan, aholining salomatlik ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash, davolanishga imkoniyati bo‘lmagan bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish salomatlik aksiyasining asosiy vazifalaridandir.

«Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!» shiori ostidagi aksiya doirasida Toshkent viloyatiga yo‘l olgan mutaxassislar orasida infeksionist, epidemiolog, terapevt, nevropatolog, anesteziolog, bolalar anesteziologi, reanimatolog, pediatr, onkolog, dermatolog, otorinolaringolog, akusher-ginekolog, urolog, xirurg, oftalmolog, kardiolog, endokrinolog, travmatolog, ftiziatr, pulmonolog, neyroxirurg, narkolog, nefrolog, allergolog, gematolog kabi o‘z sohasining ustalari bor.

Ta'kidlash joizki, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida davom etayotgan salomatlik aksiyasida 250 nafardan ortiq markazdan borgan, 1000 nafardan ziyod mahalliy shifokorlar ishtirok etmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Top