22:25 / 01.03.2021
10447

«Martning oxirlarida Sardoba bo‘yicha hujjatlarni oshkor qilishimiz mumkin» - qurilish vaziri

O‘zbekiston qurilish vaziri Botir Zokirov Sardoba fojiasi bo‘yicha o‘rganish natijalari, to‘plangan hujjatlar tez orada davlat komissiyasiga taqdim etilishi, mart oyi oxirlarida ushbu hujjatlarni jamoatchilikka oshkor qilish rejalashtirilayotganini ma'lum qildi.

«To‘g‘on yorilishi natijasida suv omboridagi suvning taxminan 50 foizga yaqin qismi chiqib ketgan. Fojia sabablarini to‘g‘ri baholash uchun O‘zbekiston prezidenti va hukumat topshiriqlariga asosan xorijdan umuman bu ishga daxlsiz bo‘lgan odamlar – Moskva davlat qurilish universiteti mutaxassislari jalb qilingan.

Ular hozir to‘rtta bosqichdan iborat ishlarni amalga oshirdi. Yaqin kunlarda bizga to‘rtinchi bosqichda qilingan ishlarning taqdimotini qilishadi. Taxminan mart oyi oxirlarida Sardoba fojiasi bo‘yicha davlat komissiyasiga taqdim etiladigan hujjatlarni oshkor qilishimiz mumkin.

Bugungi kunda ma'lumotlar oxirigacha aniq emas. Masala shundaki, loyiha bilan bog‘liq ko‘p savollar bor. Ularning hammasini ko‘rib chiqishyapti», deya Botir Zokirovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

1 mart kuni Qurilish vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida qurilish vaziri Botir Zokirov mazkur jarayonga nima uchun aynan rossiyalik ekspertlar jalb qilinganiga ham izoh berdi.

«Moskva davlat qurilish universiteti bu ishga jalb qilingandan keyin bizda fojiaga xolisona baho berish imkoni paydo bo‘ldi. Ularni Vazirlar Mahkamasi topshirig‘iga asosan, shartnoma asosida yolladik. Ular barcha ishlarni shartnoma asosida amalga oshirishmoqda. Shu bilan birga, loyiha oldi qidiruv ishlari ham amalga oshirilmoqda. Suv ombori juda katta, butun perimetr bo‘yicha juda kam oraliqda ko‘plab burg‘ilash ishlari o‘ta sifatli amalga oshirildi.

Ularni bu masalaga jalb qilganimizning sababi shuki, ularda katta tajriba bor. Ushbu oliy o‘quv yurti mutaxassislari shunga o‘xshash o‘nga yaqin masalalarni o‘rganib, o‘z xulosalarini berishgan. Ular xolis tashkilot, hech kimga bo‘ysunmaydi, o‘rganish jarayonida manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lmaydi.

Moskva davlat qurilish universiteti mutaxassislari dastlab fojianing sabab va omillari bo‘yicha xulosalarini taqdim etishsa, keyinchalik suv omborini tiklash bo‘yicha loyihaviy yechim-takliflarini berishlari kerak.

Moskva davlat qurilish universiteti mutaxassislari o‘rganish ishlarini yakunlaganidan so‘ng, ularning xulosalari ham boshqa konsorsium asosida xalqaro ekspertlar tomonidan tekshiriladi. Buning uchun Italiya, Turkiya, Koreya singari davlatlardan mutaxassislar jalb qilinadi. Biz ular bilan muzokaralar olib borganmiz», deydi Botir Zokirov.

Qurilish vaziri Botir Zokirov

Vazir rossiyalik ekspertlarning Sardoba suv omborini tiklash bo‘yicha loyihaviy yechim-takliflari umumiy xarakterga ega ekani, qayta tiklash ishlari hech qachon bitta tashkilot xulosasi bilan amalga oshirilmasligini ta'kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 7 yil davomida qurilgan Sardoba suv omborida 2020 yilning 1 may kuni to‘g‘on o‘pirilishi sodir bo‘lgan edi. Fojia oqibatida 6 kishi halok bo‘lgan, bir kishi esa bedarak ketgandi. Suv toshqini natijasida Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi aholi punktlari va ekinlarga zarar yetgan. Binolar, yo‘llar, kommunikatsiyalar vayron bo‘lgan, uchta tumandagi 22ta qishloqdan 60 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilingandi.

2020 yilning 25 dekabr kuni 17 kishiga nisbatan «Sardoba ishi» bo‘yicha sud boshlangani, bevosita davlat sirlari bilan bog‘liq bo‘lgani sababli ish yopiq tarzda ko‘rilayotgani xabar qilingan edi

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top