00:32 / 01.03.2021
6608

O‘zbekiston homiyligida Tojikistonda “kovid”-shifoxona qurib bitkazildi

Tojikiston janubida joylashgan Kubodiyon tumanida O‘zbekiston homiyligida yangi tibbiy majmua qurilishi o‘z poyoniga yetdi. E'tiborlisi, majmua tarkibida koronavirusga chalinganlar uchun qabul qilgich-taqsimlagich mavjud. 

Foto: dialog.tj

Tojikiston hukumatida ma'lum qilinishicha, majmua O‘zbekiston tomonidan taqdim qilingan mablag‘ hisobiga qurilgan. Majmua qurilishining bosh homiysi “O‘zbekneftgaz” AJ hisoblanadi.

Tibbiy majmua qulay mebel jihozlari va yuqori texnologik qurilmalar bilan jihozlangan. Tez orada majmua ilk bemorlarni qabul qilishni boshlaydi.

Majmuaning o‘ziga xos jihati unda koronavirusga chalinganlar uchun korpus mavjudligi hisoblanadi. Bu yerda koronavirusga chalinganlar ko‘rikdan o‘tkazilib, so‘ngra boshqa tibbiy muassasalarga davolanishga jo‘natiladi.

Ushbu majmuaning Tojikistonda muqobili yo‘q bo‘lib, uning qurilishi Tojikiston iltimosi bilan amalga oshirilgan. Koronavirusga chalinganlar uchun korpus qurishga ehtiyoj mamlakatda nobarqaror epidemiologik vaziyat sababli yuzaga kelgan.

Shifoxonada o‘rnatilgan zamonaviy qurilmalar qisqa vaqt ichida koronavirus borligini aniqlashga, so‘ngra bemorlarni boshqa tibbiyot muassasalariga davolanish uchun yuborishga imkon beradi.

Kubodiyon tumanida tibbiy majmua qurish qarori O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil Dushanbega safari davomida qabul qilingan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston homiyligida So‘g‘d viloyatining Spitamen tumanida 630 o‘quvchiga mo‘ljallangan maktab qad rostladi. Maktab 2020 yil sentyabrda foydalanishga topshirilgan.

O‘z navbatida, Tojikiston Samarqandda maktab qurish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan.

Top