23:10 / 01.03.2021
5950

Samarqandda o‘quvchilarni majburiy mehnatga jalb qilgan maktab direktorining o‘rinbosari 15,6 million so‘m jarimaga tortildi

Samarqand viloyati Toyloq tumani xalq ta'limi bo‘limiga qarashli maktablardan birida direktor o‘rinbosari o‘quvchilarni majburiy mehnatga jalb qilgani uchun 15,6 million so‘m jarimaga tortilgan. Bu haqda viloyat bandlik bosh boshqarmasi ma'lum qilmoqda.

Qayd etilishicha, Toyloqdagi maktabda sodir bo‘lgan mazkur ish yuzasidan davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganish olib borilgan. O‘rganish davomida, Toyloq tuman xalq ta'limi bo‘limiga qarashli 13-umumiy o‘rta ta'lim maktabi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari 2020 yilning 5 dekabr sanasida 5 va 8-sinf o‘quvchilarini maktab hududini obodonlashtirish ishlariga jalb qilib, hashar tashkil etgani aniqlangan.

Natijada, 2021 yil 29 yanvar kuni 13-umumiy o‘rta ta'lim maktabi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari MJtKning 51 moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganligi sababli, bazaviy hisoblash miqdorining 70 barobari, 15,6 million so‘m miqdorida jarimaga tortilgan.

Ma'lumot uchun, 2021 yil 12 fevraldan boshlab voyaga yetmaganlarni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilandi (O‘RQ-673 12.02.2021).

Top