19:09 / 01.03.2021
25666

Uy sotib olishda aldanib qolmaslik uchun nima qilish kerak? Huquqshunos tavsiyalari

So‘nggi yillarda butun O‘zbekiston hududi qurilish maydoniga aylandi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa yangi ko‘p qavatli uylar qurilishi ko‘paygan. Ularning aksari aholining turar joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qilayotgan bo‘lsa, fuqarolar ishonchiga kirib, aldov yo‘li bilan ularning pulini olishni maqsad qilganlar ham yo‘q emas.

Yangi kvartira sotib olishda qanday jihatlarga e'tiborli bo‘lish kerak? Bu boradagi savollarga to‘liqroq javob olish uchun Toshkent davlat yuridik universiteti Fuqarolik huquqi kafedrasi dotsenti Qambariddin Mehmonov bilan intervyu tashkil qildik.

– Fuqarolar yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan sotib olayotganda nimalarga e'tibor berishi kerak?

– Ushbu holatda quyidagi masalalarga e'tiborli bo‘lish kerak:

  • yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning sotuvchisi xo‘jalik yurituvchi sub'yekt sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganmi va ayni damda mavjudmi (tugatilmaganmi)?
  • qurilish ishlari amalga oshirilayotgan yer uchastkasini ajratish to‘g‘risida tegishli hokimlikning qarori mavjudmi?
  • quruvchi firma bozorda o‘z o‘rniga egami?
  • qurilish loyihasi Qurilish vazirligi huzuridagi «Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi» DUK tomonidan ekspertizadan o‘tkazilganmi? Qurilish ishlari mazkur loyiha va ekspertiza xulosasi asosida amalga oshirilmoqdami?

Shuningdek, iste'molchilar shartnomaning turiga e'tibor berishi kerak. Sotuvchi va sotib oluvchi o‘rtasida quyidagi shartnomalardan biri imzolanishi mumkin:

  • investitsiya shartnomasi;
  • ulushli qurilish shartnomasi;
  • ipoteka shartnomasi;
  • uy joy oldi-sotdi shartnomasi.
TDYuU Fuqarolik huquqi kafedrasi dotsenti Qambariddin Mehmonov

Fuqarolar yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uydan kvartira sotib olishdan avval yurist maslahatini olishsa ham zarar qilmaydi. Shuningdek, ular quyidagi savollarga javob topishlari tavsiya etiladi: sotib olmoqchi bo‘lgan uy-joyingiz haqiqatdan ham daxlsiz yerda qurilganmi-yo‘qmi, huquqiy asos mavjudmi, yaqin kelajakda buzilishi rejalashtirilgan hududga taalluqlimi-yo‘qmi, sizga sotayotgan shaxs shunday vakolatga egami, firibgarlik alomatlari mavjud emasmi, avval ham ushbu shaxsdan xarid qilganlar mavjud bo‘lsa, ularning taqdiri qanday kechdi, kabi ochiq savollarga javob olishingiz zarur.

– Bugun bir holat ko‘p kuzatilmoqda: hali qurilishi boshlanmagan turli ko‘p qavatli uylar ham sotilyapti, bu borada e'lonlar berilyapti. Ushbu holatda ulardan kvartira sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzish mumkinmi? Qonunchilik bunga yo‘l qo‘yadimi? Qurilishi boshlangan, ammo hali bitmagan bo‘lsa-chi?

– Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkindirlar. Taraflar qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan shartnomani ham tuzishlari mumkin. Shartnomaning shartlari taraflarning xohishi bilan belgilanadi, tegishli shartning mazmuni qonun hujjatlarida ko‘rsatib qo‘yilgan hollar bundan mustasno.

Hali tayyor holga kelmagan kvartiraga keladigan bo‘lsak, u uchun ham shartnoma tuzish mumkin. Bu holatda ulushli asosda ishtirok etish shartnomasini tuzish to‘g‘riroq bo‘ladi. Bunday shartnomaga qonunda taqiq yo‘q. Ushbu shartnoma fuqaro qurilishga ma'lum miqdordagi pul mablag‘ini kiritishini, qurilish bitganidan so‘ng undagi xonadonga nisbatan mulk huquqini qo‘lga kiritishini nazarda tutadi. Shu tariqa bu shartnoma ham oxir-oqibat oldi-sotdi shartnomasining mazmuniga mos kelib qoladi. Faqat shartnomani yuqorida aytilgan ko‘rsatmalarga amal qilgan holda tuzish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Kun.uz muxbiri Abbos Salaydinov

– Shartnomaning qaysi bandlariga alohida e'tibor berish lozim?

Avvalambor, shartnomaning barcha jihatlariga e'tibor berish kerak. Xaridor uchun [qiziqishiga qarab] shartnomaning har xil jihatlari ahamiyatli bo‘lishi mumkin. Kimdir faqat narxiga, kimdir muddatiga qaraydi. Umumiy qoida shundayki, shartnomaning barcha jihatlariga qarab chiqish kerak. Bu bilan xaridor ertaga qaysidir masalada nizo yuzaga kelishining oldini oladi.

Shartnomaning muhim shartlari sifatida kvartiraning necha kv.m ekani, qaysi qavatda joylashgani, har bir kv.m uchun qanchadan haq to‘layotgani, qurilish qachon tugashi, qurilish tugaganidan keyin mulk huquqini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish muddati kabilarni ko‘rsatish mumkin.

Shartnomaning yana bir muhim jihati – taraflar javobgarligi masalasi. Quruvchi firmaning javobgarligi qaysidir darajada va xaridorning javobgarligi qaysidir darajada bo‘ladi. Bu kelgusida nizo kelib chiqadigan bo‘lsa, hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.

Kun.uz muxbiri Abbos Salaydinov suhbatlashdi
Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov

Mavzuga oid
Top