17:38 / 02.03.2021
3777

2020/2021 o‘quv yilida maktablarda bir o‘qituvchiga o‘rtacha 12 nafar o‘quvchi to‘g‘ri kelmoqda

Joriy o‘quv yilida umumta'lim muassasalarida jami 6 million 287,9 ming nafar o‘quvchi ta'lim olmoqda. O‘quvchilarning 51,4 foizini o‘g‘il bolalar, 48,6 foizini esa qiz bolalar tashkil etadi. Respublika bo‘ylab maktablarda 8ta tilda ta'lim berilmoqda.

O‘zbekistonda 2020/2021 o‘quv yili boshida jami umumta'lim muassasalari soni 10 ming 181tani tashkil etib, 2016/2017 yilning mos davriga nisbatan 462taga yoki 4,8 foizga ko‘paygan.

Statqo‘m ma'lumotlariga ko‘ra, 2020/2021 o‘quv yilida umumta'lim muassasalarida jami 6 million 287,9 ming nafar o‘quvchi ta'lim olmoqda. Taqqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 119,7 ming nafarga (1,9 foizga) oshgani kuzatilgan.

Joriy o‘quv yili boshida respublika bo‘yicha ro‘yxatga olingan o‘qituvchilar soni 507,7 ming nafarni tashkil etib, bir o‘qituvchiga o‘rtacha 12 nafar o‘quvchi to‘g‘ri keladi. Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilib, unda bir o‘qituvchiga o‘rtacha 18 nafar o‘quvchi to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatida esa eng past ko‘rsatkich ya'ni bir o‘qituvchiga o‘rtacha 9 nafardan o‘quvchi to‘g‘ri kelgan.

2020/2021 o‘quv yili boshida umumta'lim muassasalarining birinchi sinfga qabul qilingan o‘quvchilar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Samarqand, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarida qayd etilgan bo‘lsa, eng kam ko‘rsatkich Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida kuzatilgan.

Umumta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan o‘quvchilarning 3 million 235 ming nafarini (51,4 foiz) o‘g‘il bolalar, 3 million 52,9 ming nafarini (48,6 foiz) qiz bolalar tashkil etadi.

Butun respublika bo‘ylab maktablarda 8ta tilda ta'lim berilmoqda:

  • O‘zbek tili – 5 million 352,1 ming kishi;
  • Qoraqalpoq tili – 126,5 ming kishi;
  • Rus tili – 642,5 ming kishi;
  • Qozoq tili – 56,1 ming kishi;
  • Ingliz tili – 0,8 ming kishi;
  • Qirg‘iz tili – 7,5 ming kishi;
  • Tojik tili – 69,4 ming kishi;
  • Turkman tili – 10,9 ming kishi.

Avvalroq, 1 martdan e'tiboran, ta'lim darajasi past maktabda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan o‘qituvchilarga maxsus ustamalar hisoblash boshlanishi xabar qilingandi.

Shuningdek, 2021 yilning fevral oyidan e'tiboran xalq ta'limi tizimida 5-sinfdan boshlab 11-sinfga qadar yagona sinf rahbarini tayinlash bo‘yicha Nizom joriy etilgani ma'lum qilingandi.

Top