19:09 / 02.03.2021
3218

Markaziy bank: yanvar oyida O‘zbekistonda iqtisodiy faollik pasaydi, ishbilarmonlik kayfiyati yaxshilandi

Respublikada 2021 yilning yanvar oyida iqtisodiy faollik indeksi o‘tgan yilning dekabr oyiga nisbatan birmuncha pasaygan, ishbilarmonlik kayfiyati indeksi esa yaxshilangan.

Foto: Markaziy bank

Markaziy bank 2021 yil yanvar oyi uchun «Iqtisodiy faollik ko‘rsatkichlari» hisobotini e'lon qildi.

Respublikadagi 702ta korxona va tashkilotlarda o‘tkazilgan so‘rov natijasiga ko‘ra, iqtisodiy faollik indeksi mavsumiy omillar ta'sirida o‘tgan yilning dekabr oyiga nisbatan birmuncha pasaygan, ishbilarmonlik kayfiyati indeksi esa yaxshilangan.

Xususan, joriy yilning yanvar oyida iqtisodiy faollik indeksi 50,3ni tashkil etib, o‘tgan yilning dekabr oyiga (52,7) nisbatan 2,4 birlikka pasaygan bo‘lsa, ishbilarmonlik kayfiyati indeksi (IKI) 65ni tashkil etib, (2020 yil dekabr oyida 60,1) 4,9 birlikka oshgan.

«Iqtisodiy faollik indeksining pasayishi, sanoat, qurilish hamda savdo sohalarida tarmoq iqtisodiy faollik indekslarining dekabr oyiga nisbatan mos ravishda 2,7 (49,7dan yanvar oyida 47gacha), 4,7 (49,4 dan yanvar oyida 44,7 gacha) va 8,2 birlikka (58,2 dan 50 gacha) kamayishi bilan izohlanadi.

Shu bilan birga, joriy yilning yanvar oyida xizmatlar sohasidagi iqtisodiy faollik ko‘rsatkichi o‘tgan yilning dekabr oyi darajasida saqlanib qolgani (iqtisodiy faollik indeksi 0,2 birlikka oshgan) kuzatildi», – deyiladi hisobotda.

Shuningdek, ishbilarmonlik kayfiyati indeksi barcha tarmoqlarda oshgan bo‘lib, korxonalarning kelgusi 3 oy bo‘yicha iqtisodiy kutilmalari yaxshilanganini ko‘rsatmoqda.

2021 yilning yanvar oyida ishbilarmonlik kayfiyati indeksi o‘tgan yilning dekabr oyiga nisbatan qurilish sohasida 8,8 birlikka, xizmatlar sohasida 6,6 birlikka, savdo sohasida 5,9 birlikka hamda sanoat sohasida 2,6 birlikka yaxshilangan.

Hisobotda yanvar oyi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rov natijalarida sanoat sohasidagi korxonalarning aylanma mablag‘lar bilan ta'minlanganlik darajasi mavsumiy omillar ta'sirida birmuncha pasaygani keltirilgan. Xususan, aylanma mablag‘lar bilan ta'minlanganlik holati indeksining 3,5 birlikka pasayishi kuzatilgan.

Qurilish korxonalarining moliyaviy holati hamda aylanma mablag‘lar bilan ta'minlanganlik holati indekslari mos ravishda 8,1 va 10 birlikka pasaygan.

Avvalroq O‘zbekistonda iqtisodiy faollik va ishbilarmonlik kayfiyati indekslari 2020 yilning noyabr oyida pasayganidan so‘ng, dekabr oyida birmuncha yaxshilangani xabar qilingandi.

Unga ko‘ra, 2020 yil dekabr oyida iqtisodiy faollik indeksi (IFI) 52,7ni tashkil etib, noyabr oyiga (51) nisbatan 1,7 birlikka, ishbilarmonlik kayfiyati indeksi (IKI) esa 60,1ni tashkil etib, (noyabr oyida 57,4) 2,7 birlikka oshgan.

Top