19:14 / 02.03.2021
14309

Qirg‘izistonda sobiq prezidentning qudasiga qarshi jinoyat ishi ochildi

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Sooronbay Jeenbekovning qudasi Aliyarbek Abjaliyevga qarshi noqonuniy boyish fakti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati Qirg‘iziston Jo‘qorg‘i Kengashi deputati Aliyarbek Abjaliyevga qarshi noqonuniy boyish fakti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘adi, deb xabar bermoqda Milliy xavfsizlik qo‘mitasi matbuot xizmati.

Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, deputat sobiq prezident Sooronbay Jeenbekov bilan oilaviy munosabatlaridan foydalangan (gumonlanuvchi sobiq prezidentning qudasi hisoblanib, Aliyarbek Abjaliyevning o‘g‘li Atabek Jeenbekovning qizi Baxtigul Sharipovaga uylangan) holda davlat tuzilmalari ishiga faol aralashgan.

«Aliyarbek Abjaliyev davlat ishida ishlagan va uning rasmiy daromadlari va u egalik qilayotgan mol-mulk aktivlari solishtirilganda bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. U 20dan ortiq elita kvartiralar, Bishkek shahrining VIP qismidagi turar joy binolari, Issiqko‘l viloyatidagi qariyalar uyi, Issiqko‘l va Chuy viloyatlaridagi yer uchastkalari, shuningdek, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklarida ko‘chmas mulklarga egalik qiladi», deyilgan bayonotda.

Bundan tashqari, Qirg‘iziston razvedka xizmatining ma'lumotlariga ko‘ra, Abjaliyev Bishkekdagi ko‘p qavatli uylar qurilish obektlariga, shuningdek, ko‘mir va oltin konlariga katta miqdorda mablag‘ kiritgan.

Ma'lumot uchun, Aliyarbek Abjaliyev Qirg‘iziston Jo‘qorg‘i Kengashining «Respublika-Ota yurt» fraksiyasi deputati hisoblanadi. Ko‘p yillar davomida u Botkent viloyati bojxona idorasini, «Manas» aeroporti bojxonasini boshqargan, shuningdek, hukumat huzuridagi Monopoliyani tartibga solish agentligining davlat kotibi bo‘lib ishlagan.

Mavzuga oid
Top