11:27 / 03.03.2021
15191

Tanzila Norboyeva: «Ayollar ayol bo‘lgani uchungina mansabga qo‘yilmasligi kerak»

Bugun, 3 mart kuni Toshkentda Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ayollar yetakchi lavozimlarda: COVID-19 pandemiyasi sharoitida teng huquqli kelajakka erishish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda Senat raisi Tanzila Norboyeva ham ishtirok etmoqda.

Foto: KUN.UZ

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Tanzila Norboyeva mavzu bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. 

“So‘nggi yillarda ayollarga turli lavozimlar ishonib topshirilmoqda. Lekin ayollarga faqat ayol bo‘lgani uchungina mansab berilmasligi kerak. Bizning ayollarimiz bu borada ishonchni oqlayaptilar, mana, bugungi kunda 6 nafar hokim ayollarimiz bor. Ularning har biri murakkab tumanlarda ish boshlaganiga qaramay, yaxshi natijalarga erishyapti. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Prezident maktablari rahbari ham yosh ayollar. 

Hozir parlamentdagi ayollar soni bo‘yicha 17-o‘ringa ko‘tarildik. 190dan ortiq parlamentlar bilan hamkorlik o‘rnatganmiz, muntazam aloqadamiz. Ular bizni tabriklashdi va O‘zbekistonda yirik anjuman o‘tkazish taklifini bildirishdi. Maqsadimiz - parlamentda ayollar sonini 30 foizga yetkazish”, – dedi Senat raisi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 26 fevral kuni xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokamasi yuzasidan selektor o‘tkazgandi. Unda xotin-qizlarga har tomonlama ko‘maklashish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Top