15:30 / 04.03.2021
7817

Navalniy effekti: YeI va AQSh kimlarga qarshi sanksiya kiritdi?

2 mart kuni Yevroittifoq muxolifatchi Aleksey Navalniyning zaharlanishi ishi sababli Rossiyaning to‘rt nafar amaldoriga qarshi sanksiya kiritdi. Bir oz keyinroq AQSh ham bir guruh rossiyaliklarga qarshi sanksiyalar joriy etdi. Ushbu ro‘yxatdan kimlar joy oldi?

Foto: MOSCOW CITY COURT PRESS SERVICE

Yevroittifoq Navalniy bois navbatdagi sanksiyalarni e'lon qildi. Birinchi marta, 2020 yil kuzida sanksiyalar ro‘yxatiga Kreml ma'muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko, FXX rahbari Aleksandr Bortnikov, ichki siyosat bo‘yicha ma'muriyat boshqarmasi boshlig‘i Andrey Yarin, mudofaa vazirining o‘rinbosarlari Pavel Popov va Aleksey Krivoruchko hamda prezident Putinning sibir federal okrugidagi siyosiy vakili Sergey Menyaylo kiritilgandi. Shuningdek, Rossiya davlat organik kimyo va texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti ham ro‘yxatdan joy olgandi.

YeI 2 mart kuni Rossiya bosh prokurori Igor Krasnov, tergov qo‘mitasi boshlig‘i Aleksandr Bastrikin, jazoni ijro etish federal xizmati boshlig‘i Aleksandr Kalashnikov va Rosgvardiya qo‘mondoni Viktor Zolotovlarga nisbatan sanksiya kiritdi.

O‘sha kuni AQSh moliya vazirligi ham rossiyaliklar va Rossiya kompaniyalaridan iborat ro‘yxatini e'lon qildi. Undan FXX rahbari Aleksandr Bortnikov, jazoni ijro etish federal xizmati boshlig‘i Aleksandr Kalashnikov, Kreml ma'muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko, bosh prokuror Igor Krasnov, mudofaa vaziri o‘rinbosarlari Aleksey Krivoruchko va Pavel Popov hamda ichki siyosat bo‘yicha ma'muriyat boshqarmasi boshlig‘i Andrey Yarin joy oldi. Ulardan tashqari, mudofaa vazirligining 27-ilmiy markazi va 33-markaziy ilmiy-tadqiqot sinov instituti hamda Rossiya davlat organik kimyo va texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti ushbu ro‘yxatga kiritildi.

AQSh moliya vazirligining qo‘shimcha qilishicha, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risidagi qonun bo‘yicha sanksiyalar shuningdek, GRU sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi zaharlanishiga aloqadorlikda gumonlangan Anatoliy Chepiga va Aleksandr Mishkinlarga nisbatan ham tatbiq etiladi. Ular avvalroq kiberhujumlarda ayblanib AQShning sanksiyalar ro‘yxatiga tushgandi.

Mavzuga oid
Top