19:38 / 05.03.2021
3164

Abduhakim Hojiboyev Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri bilan uchrashdi

Ayni vaqtda Qozog‘iston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Erali Tug‘janov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

Bugun, 5 mart kuni Sog‘liqni saqlash vazirligida Abduhakim Hojiboyev Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Tsoy boshchiligidagi delegatsiya guruhini qabul qildi.

Uchrashuvda ikki tomondan ham sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish, majburiy sug‘urta tizimini joriy qilish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta'minlash, farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish yo‘nalishlarining mas'ullari ishtirok etdi.

«Muloqot chog‘ida tomonlar tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar borasidagi yangiliklar bilan  almashdilar. Shuningdek, hozirgi kunda mamlakatlar o‘rtasida azaliy do‘stona munosabatlar yangi bosqichga chiqqanligini ta'kidlab, sog‘liqni saqlash sohasida ham o‘zaro manfaatli va amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash lozimligini aytishdi. 

Uchrashuvda vazirlar mamlakatlardagi ayni paytdagi mavjud epidemiologik vaziyat to‘g‘risida ma'lumot almashib, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar muhimligini qayd etishdi. 

Shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish va tarqalishining oldini olishda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik muhimligi aytildi. Jumladan, koronavirus pandemiyasini bartaraf etish bo‘yicha bebaho tajribani hisobga olgan holda, ikki tomonlama hamkorlik doirasida ham, xalqaro tashkilotlarda (ShHT, MDH va boshqalar) ham epidemiya va pandemiya holatlarida tezkor choralar ko‘rish va o‘zaro ta'sir o‘tkazish bo‘yicha birgalikda samarali choralarni ishlab chiqish zarurligini ta'kidladilar. 

Ikki mamlakat vazirliklari sog‘liqni saqlash masalalarini hal qilishda yaqin munosabat o‘rnatish, strategik sheriklik asosida amaliy hamkorlik va o‘zaro aloqalarni kengaytirishga kelishib oldi.

Qozog‘istonliklar sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, sohada yangi texnologiyalarni joriy etish, farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, pandemiya davrida katta talafotlarsiz epidemiologik barqaror vaziyatni saqlash borasidagi O‘zbekiston erishayotgan yutuqlarni yuqori baholadi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Ikki davlat vazirlik rahbarlari tomonidan sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolangan. Kelgusida tibbiyot sohasini raqamlashtirish, majburiy sug‘urta tizimini joriy qilish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta'minlash, farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish borasida qator hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga kelishib olingan.

Aleksey Tsoy samimiy qabul uchun Abduhakim Hojiboyevga minnatdorlik bildirgan va tibbiyot sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Qozog‘istonga tashrif buyurishga taklif qilgan.

Shuningdek, delegatsiya a'zolari O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Behzod Musayev va Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Erali Tug‘janov ishtirokida Toshkent shahrida zamonaviy tibbiyot va ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlari asosida barpo etilgan Bolalar milliy tibbiyot markazida bo‘lishdi hamda bu yerda bemorlar va tibbiyot xodimlari uchun yaratilgan sharoitlar, davolash jarayonini yuqori baholadilar. 

Top