11:23 / 07.03.2021
4348

«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi Gazlida burg‘ilash va ta’mirlash ishlari ketayotgan konlar va quduqlarda bo‘ldi

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Gazli hududida tabiiy gaz qazib chiqarilishi holatini o‘rgandi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Ishchi guruh a’zolari dastlab burg‘ilash ishlari boshlangan «Kattatepa» maydonidagi 1-sonli quduqda bo‘ldi.

Ushbu quduqni 2800 metr chuqurlikkacha burg‘ilash mo‘ljallangan bo‘lib, hozirda 1567 metr chuqurlikda burg‘ilash ishlari olib borilmoqda.

«Kattatepa» maydonining istiqbollari va bu yerdagi ishlarning kelgusi yo‘nalishlari, aynan ushbu 1-sonli quduqning natijalariga bog‘liq ekani, shu sababli uni samarali burg‘ilash va belgilangan barcha geologik-geofizik tahlillarni mukammal bajarish zarurligi ta’kidlandi.

Tadbir davomida «Doyaxotin» konidan tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish maqsadida, burg‘ilanayotgan 88-sonli quduqdagi ishlarning holati ham o‘rganildi.

Ushbu 88-sonli quduqni 2050 metrga burg‘ilash ishlari 2021 yilning 19 yanvarida boshlanganiga qaramay, o‘tgan qisqa vaqt ichida u 2000 metr chuqurlikkacha burg‘ilandi va hozirda quduqda geofizik tadqiqotlar olib borilmoqda.

Boshqaruv raisi mutaxassislarga quduqda sinash ishlarini samarali olib borish va sanoat miqyosidagi tabiiy gaz qazib chiqarish borasida kerakli vazifalar, o‘z takliflari va tegishli ko‘rsatmalarini berdi.

Boshqaruv raisi Gazli hududida 2017 yilda ochilgan «Shortak» konidagi olib borilayotgan ishlarning holati bilan ham tanishdi.

Konning neft-gazlilik istiqbollarini baholash va undagi uglevodorod zaxiralarining miqyosini aniqlash hamda qidiruv ishlarini jadallashtirish maqsadida, burg‘ilanayotgan 3-sonli quduqdagi ishlar ko‘rib chiqildi.

«Shortak» konidagi 3-sonli quduqni 2800 metr chuqurlikkacha burg‘ilash ishlari 2020 yilning 17 dekabrida boshlangan va hozirda 2112 metr chuqurlikda burg‘ilash ishlari davom ettirilmoqda.

Mart oyining oxiriga qadar ushbu quduqda sinash ishlarini yakunlash va tabiiy gazning sanoat miqyosidagi oqimlarini olish, shuningdek, yangi 4-sonli quduqni burg‘ilash ishlarini tezlashtirish kerakligi ta’kidlandi.

Gazli hududida olib borilayotgan tadbirlarning holatini o‘rganish ishlari sarhisob qilinar ekan, «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi bu yerda amalga oshirilayotgan geologiya-qidiruv ishlarini yagona tizim asosida samarali tashkil etish kerakligi bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.

Shuningdek, Boshqaruv raisi ushbu konlarda ham ishchi-xodimlarning yashash va ishlash sharoitlarini yanada yaxshilash, uniformalarini yangilash va yotoq joylaridagi ahvolni o‘zgartirish kerakligini ta’kidladi.

O‘z navbatida – belgilangan ishlarni yakunlash, jadallashtirish, quduqlarni burg‘ilash, ishlarni sohaning yetuk mutaxassislarini jalb etgan holda tashkillashtirish hamda barcha jarayonlarni texnika va sanoat xavfsizligi qoidalariga rioya etgan holda, kuchli nazorat ostida amalga oshirish zarurligi qayd etildi.

2021 yil yakuniga qadar ushbu tadbirlarni amalga oshirish orqali Gazli hududi bo‘yicha 8,0 mlrd kub metr tabiiy gaz va 180 ming tonna miqdorida gaz kondensati zaxiralarini o‘stirish belgilandi.

Bu orqali esa respublika uglevodorod xomashyosi bazasini mustahkamlash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shish, vazifalarni bajarishga barcha mavjud resurslarni safarbar etish lozimligi ta’kidlandi.

«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish, zaxiralarni o‘stirish va uglevodorod xomashyosi qazib olishni ko‘paytirish borasidagi amaliy ishlar davom ettirilmoqda.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid
Top