13:03 / 07.03.2021
14056

Yuz yoshga kirish siri. Boshqalarga ko‘maklashish foydasi salomatlikka jismoniy mashqlarnikidan ko‘proq

Mehr bilan muntazam jismoniy mashqlarga qaraganda ko‘proq narsaga erishish mumkin. Ma'lum bo‘lishicha, xayriya faoliyati - xoh o‘zgalarga yordam berish, xoh kichik sadaqalar bo‘lsin, nafaqat ko‘ngilni tinchlantiradi, balki jismoniy salomatlikka ham foydasi bor.

Gazetalar Betti Lou haqida u 96 yoshga to‘lganda yoza boshlashdi. U juda qari bo‘lishiga qaramay, Manchester atrofidagi Solforddagi kasalxona kafesida ko‘ngilli bo‘lib ishlardi: u kofe tashir, idish yuvar va bemorlar bilan gurunglashardi.

Keyin Lou 100ga kirdi. «Haliyam ishlaydi», deb yozishdi gazetalar. Keyin 102 yoshga to‘ldi, undan keyin 104ga – gazetalar esa, hayratda qolishda davom etishardi. 106 yoshida ham Lou ko‘rish qobiliyati zaif bo‘lishiga qaramay, kafeda haftada bir kun ishlashda davom etardi.

Lou muxbirlarga ko‘pchilik halovat istab, nafaqaga chiqish va uyda o‘tirishni afzal ko‘radigan yoshdan keyin ham ishlashni davom ettirganini aytib berdi. Chunki bunday ish unga sog‘lom bo‘lishda yordam berishiga ishonchi komil bo‘lgan.

Aftidan, u haq bo‘lgan. Ko‘ngilli bo‘lib ishlash va pul xayriya qilishdan tortib oddiy kundalik xayrli ishlargacha bo‘lgan xolis xizmat farovonlik va uzoq umr ko‘rishga sabab bo‘ladi.

Tadqiqotlar, aytaylik, ko‘ngilli bo‘lib ishlash barvaqt o‘lim xavfini 24 foizga kamaytiradi va kuniga besh yoki olti meva porsiyasini iste'mol qilish o‘rnini bosishini ko‘rsatyapti.

Undan tashqari, bunday odamlar qondagi qand miqdori ko‘tarilib ketishi yoxud yurak kasalliklariga olib keladigan yallig‘lanish jarayonlaridan kamroq aziyat chekishadi. Ular, shuningdek, xayriyalarda ishtirok etmaydiganlarga nisbatan kasalxonada 38 foiz kamroq vaqt o‘tkazishadi.

Gallup World Poll o‘tkazgan bir tadqiqot natijasiga ko‘ra, ko‘ngilli bo‘lib ishlashning salomatlikka foydasi dunyoning barcha burchaklarida kuzatilgan – Ispaniya va Misrdan to Uganda va Yamaykagacha.

Albatta gap ilgaridan mustahkam salomatlikka ega odamlar ko‘ngilli xizmat ko‘rsatishga qodir bo‘lishlarida bo‘lishi ham mumkin. Masalan, sizda artrit dardi bor bo‘lsa, oshxonaga kirib xolis xizmat qilolmaysiz.

«Mustahkam salomatlik sohibi bo‘lganlar ko‘ngilli bo‘lib ishlari haqidagi tadqiqotlar mavjud. Olimlar bu haqda yaxshi bilganlari bois, biz tadqiqotlarimizda buni albatta hisobga olamiz», deydi Indiana Universiteti psixologi va filantropiya bo‘yicha tadqiqotchi Sara Konrat.

Hatto yaxshi salomatlikka bo‘lib turib ham, baribir, xayriya faoliyati bilan shug‘ullanish bizning holatimizga ta'sir qiladi.

Undan tashqari, bir necha tasodifiy laboratoriya tajribalari o‘zgalarga yordam berish salomatlikka foyda berishining biologik mexanizmlari oshkor qilindi.

Kanadada o‘tkazilgan shunday tajribalardan birida yuqori sinf o‘quvchilarini ikki guruhga ajratishdi: guruhlardan biri kichik sinflarga yordam berishga yo‘llandi, yana bir guruh shunday yordam berish uchun navbat kutishga qoldirildi.

To‘rt oy o‘tib tajriba yakunlangach, ikki guruh o‘smirlarining farqi ularning ... qonida ko‘rindi.

Kichik sinflarga yordam bergan katta sinf o‘quvchilari qonida xolesterin miqdori past chiqqan, yurak va qon-tomir kasalliklariga sabab bo‘luvchi yallig‘lanish markerlari ancha kam bo‘lgan.

Albatta, pandemiya davrida ko‘ngilli bo‘lib ishlash osonmas. Biroq Konrat boshqalarga yordam berish niyati qat'iy bo‘lsa, virtual kenglikda ham foyda keltirish mumkin, deb hisoblaydi. U, shuningdek, virtual xayriyaga do‘stlar bilan kirishishni tavsiya qiladi, zero tadqiqotlar ijtimoiylashgan xayriya umumiy farovonlik uchun muhim.

Qizig‘i, qonda nafaqat rejalangan xayriya faoliyati natijalari, balki tasodifiy yaxshilik natijalari ham qayd etiladi.

Kaliforniyadagi notanish odamlarga kofe olib berish kabi oddiy xayrli ishlar qilish topshirilgan tadqiqot qatnashchilaridan birida yallig‘lanish jarayonlariga bog‘liq leykotsit genlarining ancha past darajadagi faolligi kuzatilgan. Bu esa, yaxshi, chunki surunkali yallig‘lanish revmatoidli artrit, saraton, yurak kasalliklar va diabet bilan bog‘liq.

Odamlarni MRT-skaner ostiga yotqizib, ularga xolis bo‘lish so‘ralganda ularning miyasi og‘riqqa qarshi qanday reaksiya qilishini ko‘rish mumkin.

Ko‘ngillilar qatnashgan so‘nggi tajribalardan birida turli qarorlar qabul qilishga to‘g‘ri keldi. Jumladan, qo‘lga yengil tok urildi va shu paytda pul sadaqa qilish kerakmi yo‘qmi...

Natijalar aniq-ravshan bo‘ldi – sadaqa qilganlarning miyasi og‘riqqa zaifroq reaksiya qildi. Eng qizig‘i, tajriba qatnashchilari qilgan ishlarini qanchalar to‘g‘ri deb hisoblaganlari sari og‘riqqa shuncha chidamli bo‘lishdi.

Xuddi shuningdek ko‘ngilli ravishda tahlil uchun qon topshirish og‘riqsizroq bo‘ldi. Vaholanki, birinchi holatda igna ikki barobar yo‘g‘onroq edi.

Oddiy yaxshilik va pul sadaqa qilishning salomatlikka ijobiy ta'siri haqidagi misollarning adadi yo‘q. Masalan, nabiralariga muntazam qarab turadigan bobo va buvilarning o‘lim riski bolalarga qaramaydigan qariyalarga nisbatan 37 foizga kamroq.

Tadqiqotlarning biriga ko‘ra, bu muntazam jismoniy mashqlar orqali erishish mumkin bo‘lganidan ko‘proq ko‘rsatkichdir. Bunda bobo va buvi ota-onalar o‘rnini to‘liq egallashi nazarda tutilmagan (nabiralarga qarash, ayniqsa ular judayam yosh bo‘lsa, ancha jismoniy kuch talab qilishini bilamiz).

Boshqa tarafdan qaraganda, o‘z rohati uchun emas, boshqalarga pul xarjlash yaxshi eshitish, uyquning yaxshilanishi, arterial bosimning pasayishiga sabab bo‘lishi va uning samarasi gipertoniyaga qarshi ichiladigan yangi dorilar bilan bir xil bo‘lishi mumkin.

Xayriya uchun pul o‘tkazib berish mushak kuchlari rivoji uchun yaxshigina turtki bo‘lishi mumkin. Kaftning kuchi ustida o‘tkazilgan tajribada YUNISEFga pul o‘tkazib bergan qatnashchilar qo‘l trenajyorini pul berishni istamaganlarga qaraganda 20 soniya ko‘proq siqib turganlar. Shuning uchun, agar o‘zingizni, aytaylik, armrestlingda sinab ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, karmoningizga ko‘proq pul solib oling.

San-Diyego universiteti neyrobiologi Tristen Inagaki yaxshilik va altruizm jismoniy salomatlikka ta'sir ko‘rsatishidan hech ham hayratga tushmaydi. «Odamlar favqulodda ijtimoiy jonzot bo‘lgani bois biz o‘zaro bog‘liq bo‘lganimizda sog‘lom bo‘lamiz. Xayriya esa, o‘zaro bog‘liqlikning bir qismidir», deydi u.

Inagaki bizning xayriya faoliyatimiz tizimini o‘rganadi – xulq-atvor va salomatlikning miya to‘qimalari bilan bog‘liqligini. Bu tizim ehtimol sut emizuvchilar standartlari bo‘yicha juda chorasiz bo‘lgan go‘daklarni tarbiyalash, keyinchalik esa, katta ehtimol, boshqa odamlarga ham ko‘mak berish uchun foydalanila boshlangan.

Inagaki va hamkasblarining neyrovizual tadqiqotlari miyaning bu sohalari biz yaqinlarga ko‘maklashganda ishlashini ko‘rsatmoqda.

Bolalarga qarab turishni rag‘batlantirishdan tashqari, evolyutsiya uni stress darajasini tushirish bilan ham bog‘lab qo‘ygan. Biz xayrli ish qilganimizda yoki hatto shunchaki qilgan yaxshiligimizni eslaganimizda miya markazidagi bodomsimon qo‘rquv tanachaning faolligi pasayadi. Bu bolalarni tarbiyalash bilan ham bog‘liq.

Bolalarga qarab turish stressni kamaytirishi haqidagi gap mantiqsizdek ko‘rinishi mumkin: istalgan endigina farzand ko‘rgan ota-ona go‘dak ketidan yurish dengiz bo‘yida dam olish emasligini aytadi. Lekin tadqiqotlar jonivorlar o‘z bolachasi xirillashini eshitganda ulardagi bodomsimon tanacha faolligi pasayishini ko‘rsatyapti. Ayni holat odamlar o‘z farzandi fotosuratiga qaraganda ham sodir bo‘ladi.

Inagaki boshqalarga chindanam foydali bo‘lish uchun miyaning qo‘rquv markazining faolligi pasayishi shart. «Agar ularning stressi sizda qo‘rquv uyg‘otsa, siz ularga yordam berish uyoqda tursin, yaqinlashishga ham qodir bo‘lmaysiz», deydi u.

Bularning bari sog‘liqqa bevosita ta'sir qiladi. Inagaki bolaga qarash – bodomsimon tanacha va rag‘batlantirish sohasi – bizning asab tizimimiz bilan bog‘liq bo‘lib, qon bosimini normallashtirish va yallig‘lanish jarayonlari reaksiyasida ishtirok etadi. Mana nima uchun yaqinlarga g‘amxo‘rlik qilish yurak va qon-tomirlar salomatligini yaxshilab, umringizni uzaytiradi.  

Olimlar ko‘ngilli ravishda xayriyada qatnashadigan o‘smirlarda yallig‘lanishning ikki markeri – interleykin 6 va S-reaktiv oqsilining ancha past ko‘rsatkichlari qayd etilganini ma'lum qilishdi.

Olimlar, shuningdek, bu ikki markerning koronavirusning og‘ir asoratlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni ham topishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu pandemiya davrida yordamga muhtojlarga ko‘maklashish uyda qamalib o‘tirib kayfiyatni ko‘targandan ko‘ra ancha samaraliroq degan fikrga olib keladi.

To‘g‘ri, xayriya faoliyatining koronavirusdan himoyalanish bilan aloqasini o‘rganish uchun tadqiqot o‘tkazilmadi. Boshqa odamlar bilan aloqaga kirishish kasallanish va virus tarqatish riskini oshirib yuborishini ham unutmaslik kerak.

Xayriyaga tabiatan moyil bo‘lmaganlar nima qilishi kerak?

Ko‘ngilli xizmat va saxovat ko‘rsatish bilan bog‘liq empatiya nasldan naslga o‘tadi. Hamdardlikning uchdan biri bizning genlarimizga bog‘liq.

Biroq Konrat empatiya tug‘ilgandayoq past darajada bo‘ladi deyish bu taqdir hukmi emas. «Biz, shuningdek, sportga bo‘lgan har xil potensial bilan bilan tug‘ilamiz – qaysidir birimizga mushaklarni shishirish boshqalarga nisbatan osonroq. Ammo mushaklar hammada bor, mashqlar orqali o‘stirish mumkin. Tadqiqotlar boshlang‘ich darajasi qanday bo‘lishidan qat'i nazar, empatiya darajasini har birimiz ko‘tara olishimiz mumkin», deydi u.

Ayrim mashqlarni bir necha soniyada bajarish mumkin. Masalan, siz bir nafas, lekin har kuni dunyoga boshqa odamning ko‘zlari bilan qarashingiz mumkin.

Uy hayvonlariga qarash va hissiy quvvat beradigan kitoblarni o‘qish – lokdaun davrida vaqt o‘tkazish uchun ideal usullar – ham empatiyani ko‘tarishga yordam beradi.

2020 yilning birinchi yarmida britaniyaliklar xayriyaga 800 million funt sterling sarflashgan (1 milliard dollardan oshiq) va bu 2019 yilning shu muddatiga nisbatan ko‘proq.

Shu kabi vaziyat boshqa davlatlarda ham kuzatilyapti. So‘rovlardan birida amerikaliklarning yarmi o‘zlarining qariya va bemor qo‘shnilarini ko‘rgani borishganligini aytishgan.

Koronavirus Germaniya aholisini birlashtirdi – agar 2020 yilning fevralida 41 foiz odam o‘zgalar g‘amini yemaganini aytgan bo‘lsa, yozga kelib bu ko‘rsatkich 19 foizga tushdi.

Tadqiqotlar bu kabi yaxshilik nafaqat qalbimizga iliqlik olib kiradi, balki yurak sog‘ bo‘lishiga ham hissa qo‘shadi.

«Ba'zan shunchaki boshqalarga diqqat qaratishning o‘zi salomatlikka koni foyda», deydi Inagaki.

Top