16:45 / 09.03.2021
52289

Toshkentda yosh bolani zo‘rlamoqchi bo‘lgan taksi haydovchisi qo‘lga olindi

Chilonzor tumanida 11 yoshli o‘g‘il bolani jinsiy aloqaga undagan 47 yoshli erkak topilib, qamoqqa olindi.

Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, G‘ayrat D. ismli gumonlanuvchi aniqlanib, sud tomonidan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 119-moddasi 4-qismi (bola 14 yoshga to‘lmaganini bila turib, jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatgan holda g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan ayb e'lon qilingan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, voqea haqida Kun.uz bolaning otasi va poytaxt IIBBga asoslangan holda 5 mart kuni xabar bergan edi.

Otaning so‘zlariga ko‘ra, 11 yashar o‘g‘li 28 fevral kuni Chilonzordagi uyidan amakisining uyiga borish uchun qora rangli «Neksiya-3» avtomobiliga chiqqan.

Avvaliga ikki nafar boshqa yo‘lovchini manziliga eltib qo‘ygan taksi haydovchisi ovloqroq joyda mashinasi buzilib qolganini aytib to‘xtaydi va orqa o‘rindiqqa o‘tib, eshiklarni qulflaydi, so‘ng bolaning shimini yechib, unga nisbatan axloqsiz harakatlar qila boshlaydi.

Otasining aytishicha, bola qo‘rqib, yig‘lab qarshilik qilgach, haydovchi «ishini» to‘xtatib, uni aytilgan manzilga olib borib qo‘ygan va bu haqda hech kimga aytma, deb tayinlagan.

Kun.uz xabaridan so‘ng, ertasiga Toshkent shahar IIBB holat yuzasidan jinoiy ish ochilganini xabar qildi.

Top