00:10 / 10.03.2021
6134

Fransiya birinchi marta fazoda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda

Fransiya harbiylari 8 mart kuni mamlakat qurolli kuchlari tarixida birinchi marta fazoda harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazishni boshlashdi. 

Foto: Getty Images

Mashg‘ulotlar Fransiyaning 1965 yilda fazoga uchirilgan birinchi sun'iy yo‘ldoshi Asterix sharafiga AsterX deb nom olgan. Mashg‘ulotlar davomida harbiylar shartli xavfli fazo jismi hamda o‘z sun'iy yo‘ldoshiga xavf ortidan kuzatuv olib borishadi.    

“Ssenariy bo‘yicha bir qator voqealar yuz berib, inqirozli vaziyat va fazoviy infratuzilmamizga tahdidlar paydo bo‘ladi”, deb ma'lum qilgan Fransiya koinot kuchlari qo‘mondonligi rahbari Mishel Fridling.

U mashg‘ulotlarni “Fransiya tizimlari uchun stress-sinov” deb atagan hamda ular Fransiya armiyasi va hattoki Yevropa uchun birinchi shunday mashg‘ulotlar ekanini ta'kidlab o‘tgan.

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, mashg‘ulotlarda shuningdek  AQSh koinot kuchlari va Germaniya koinot agentligi ishtirok etmoqda. Mashg‘ulotlar 12 martgacha davom etadi.  

Ma'lum qilinishicha, Fransiya koinot kuchlari qo‘mondonligi 2019 yilda tashkil etilgan. 2019-2025 yillar davomida uning moliyalashtirilishi qiymati 5 mlrd dollargacha, xodimlari soni esa 500 kishigacha yetishi kerak.  

Avvalroq Fransiya mudofaa vaziri Florans Parli “ittifoqdoshlarimiz va raqiblarimiz fazoni harbiylashtirmoqda va biz ham harakatimizni boshlamog‘imiz lozim”, deb aytgan. Parli Fransiya Rossiya, Xitoy va AQShdan ortda qolmaslik uchun sun'iy yo‘ldoshlarga qarshi lazer quroli va razvedka vositalarini rivojlantirmoqchiligini aytgan. 

Top