08:44 / 10.03.2021
3220

Germaniya investorlari bilan birgalikda 1 mlrd dollarlik 24ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan - ITSV

Joriy yilning 9 mart kuni videokonferensiya shaklida Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo‘mitasi ko‘magida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston - Germaniya davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, muloqot davomida O‘zbekiston – Germaniya investitsiyaviy hamkorligi joriy holati, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish, to‘qimachilik, kimyo va farmatsevtika sanoati kabi tarmoqlarda o‘zaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirishning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, joriy yilda Germaniya investorlari bilan birgalikda avtomobilsozlik, kimyo, farmatsevtika va elektrotexnika tarmog‘ida, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarishda umumiy qiymati 1 mlrd dollarga teng bo‘lgan 24ta yirik loyihani amalga oshirish rejalashtirilgani ma'lum qilingan.

O‘zbekiston tomoni barqaror rivojlanish, iqtisodiyotni erkinlashtirish, biznes yuritish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish, erkin bozor tamoyillarini joriy etish va ustuvor tarmoqlarda davlat ishtirokini kamaytirish kabi iqtisodiyotni liberallashtirishga qaratilgan jarayonlar respublikada davom ettirilishini ta'kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston – Germaniya iqtisodiy hamkorligini faollashtirish va o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatlarini yangi keng ko‘lamli loyiha va tashabbuslar bilan to‘ldirish maqsadida yaqindan hamkorlik qilishga tayyorlik bildirildi.

Tadbir yakunida investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan yoki O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirayotgan Germaniya tadbirkorlari bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi muvofiqlashtiruvi ostida mas'ul vazirliklar va idoralarni jalb qilgan holda, har bir investor va tadbirkor bilan manzilli ishlashni nazarda tutadigan hamkorlik barqaror mexanizmini ishlab chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Top