14:13 / 10.03.2021
3304

«Grantlarni moliyalashtirish 3,5 barobar oshdi, mablag‘ning 40 foizi asbob-uskunalar sotib olishga yo‘naltirilmoqda» - Ibrohim Abdurahmonov

Milliy matbuot markazida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan «Ilmiy loyihalarni grant asosida moliyalashtirish» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, anjumanda ilmiy grantlar berilishining yangilangan tizimi, grant olish jarayoni haqida ma'lumotlar berildi.

«Grantlar berilishi juda murakkab jarayon. Tizimda dastlabki qilingan ishlardan biri - ilg‘or xorijiy tajribalar asosida ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi mexanizmi to‘liq joriy etildi. Davlat buyurtmasi asosida uch xil tipdagi - tematik, maqsadli va tashabbuskor grantlar berila boshladi.

Avvalgi yillarda faqat tashabbuskor loyihalarga e'tibor berilardi. Ikkinchi qo‘yilgan qadam - yakuniy mahsulot va moliyalashtirish hajmi aniq bo‘lgan tematik mavzularga oid loyihalarga ko‘proq ahamiyat qaratilmoqda», dedi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov.

Hozirda vazirlik huzurida ilmiy loyihalarni ekspertiza qilish uchun tarkibi davriy yangilab boriladigan, jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan 18ta fan yo‘nalishi bo‘yicha 450 nafar malakali olim va mutaxassisdan iborat yangi ilmiy-texnik kengashlar (ITK) tashkil qilingan.

Ayni kunlarda 102ta ilmiy tashkilot tomonidan tavsiya etilgan 520 nafardan ziyod nomzodlar orasidan Scopus va Web of Science xalqaro bazalarida «Hirsh» indeksiga ega 126 nafar olimlar tanlab olinib, 18ta ITK tarkibi to‘liq rotatsiya qilindi va 36 nafar xorijlik olimlar tarkibiga ekspert sifatida jalb etildi.

Ibrohim Abdurahmonov grant loyihalarini saralash bosqichlari, tekshirish jarayonidagi manfaatlar to‘qnashuvi oldini olish, o‘zaro bog‘liqlik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik choralari haqida gapirib o‘tdi.

«Grantlar berilishida turli bosqichlar bor. Bunda, grantni qabul qilish, ekspertizadan o‘tkazish, xulosalar berish va moliyalashtirishga tavsiya etish kabi to‘rt bosqichdan o‘tiladi. Ushbu bosqichlardan o‘tish jarayonida manfaatlar to‘qnashuviga ko‘p duch kelinadi. Salbiy oqibatlarga olib kelganlari ham bor.

Biz, birinchi navbatda, mana shu to‘rt bo‘g‘inni bir-biridan ajratishga harakat qildik. Loyihani qabul qilish to‘la raqamlashtirilgan va olim bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri kontakt bo‘lmaydi. Ikkinchidan, ilmiy ekspertiza va texnik ekspertiza ham bir-biridan ajratildi.

Ilmiy ekspertiza ilmiy kengashlarga olib berildi. Texnik ekspertiza esa vazirlik ixtiyorida qoldi, ular ham keyingi jarayonlarga ta'sir qila olmaydi, texnik ekspertizadan o‘tgan ishlar ilmiy ekspertizaga yuboriladi. Bunda vazirlikning biror xodimi aralasha olmaydi. So‘nggi bosqichda esa, vazirlik hay'atida loyihalar moliyalashtirishga tavsiya etiladi yoki rad etiladi.

Hozirda loyihani moliyalashtirish 3,5 barobar oshdi hamda mablag‘larning kamida 40 foizi zarur asbob-uskunalar, reagent va materiallar sotib olishga yo‘naltirilmoqda.

Avvallari grant mablag‘i oylik maosh qilib berilgan bo‘lsa, endilikda olimlar zarur asbob-uskunalar, reagent sotib olishi yoki chet el konferensiyalarida qatnashish uchun borishi mumkin», deya qo‘shimcha qildi Ibrohim Abdurahmonov.

Top