20:31 / 10.03.2021
6808

UNWTO: Dunyodagi har uch yo‘nalishdan biri turizm uchun to‘liq yopilgan

Dunyo bo‘ylab 217ta yo‘nalishdan 69tasi yoki 32 foizi sayyohlar uchun to‘liq, 34 foiz mamlakatlar esa qisman yopilgan.

Jahon turizm tashkilotining (UNWTO) so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har uch yo‘nalishdan bittasi xalqaro turizm uchun to‘liq yopilgan. Ayniqsa Covid-19’ning yangi shtammlari paydo bo‘lishi ko‘plab hukumatlar, xususan, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Yevropada sayohatlardagi cheklovlarni bekor qilish rejalaridan voz kechishga majbur qildi. 

«Dunyodagi har uch yo‘nalishdan biri yoki 32 foiz davlatlar xalqaro sayyohlik uchun to‘liq yopilgan», deyilgan tashkilot bayonotida.

Qayd etilishicha, epidemiologik vaziyatning jiddiyligi hukumatlarni yanada ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga chorlamoqda. Shuningdek, 34 foiz mamlakatlar turizm uchun qisman yopiq.

«Virus tarqalishini cheklash uchun turizm sohasida cheklovlar keng qo‘llandi. Endi, turizmni qayta boshlash ustida ish olib borar ekanmiz, cheklovlar yechimning faqat bir qismi ekanligini tan olishimiz kerak. Ulardan foydalanish so‘nggi ma'lumotlar va tahlillarga asoslangan bo‘lishi va doimiy ravishda qayta ko‘rib chiqilishi lozim. Aks holda, millionlab odamlarni ish bilan ta'minlaydigan sohaning qayta tiklanish imkoniyati yo‘q», deya ta'kidladi UNWTO bosh kotibi Zurab Pololikashvili.

Tashkilot ma'lumotlariga ko‘ra, 217ta yo‘nalishdan 69tasi to‘liq yopilgan, shulardan 30tasi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, 15tasi Yevropa, 11tasi Afrika, 10tasi Shimoliy va Janubiy Amerika, uchtasi Yaqin Sharq mamlakatlariga to‘g‘ri keladi.

Ma'lumot uchun, 2020 yil aprel oyida dunyo bo‘ylab barcha mamlakatlarda turizmga cheklovlar o‘rnatilgan. Yil oxiriga kelib xalqaro turizm 74 foizga, tushadigan daromadi esa 1,3 trillion dollarga kamaygan.

Avvalroq, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov O‘zbekistonga 2020 yilda jami 1 mln 504 ming turist tashrif buyurib, ularga 261 million dollarlik turizm xizmati ko‘rsatilganini aytib o‘tgandi.

Top