20:55 / 11.03.2021
5238

1,1 kg quyma tillalarni yashirincha olib kirmoqchi bo‘lganlar aniqlandi - bojxona xabarlari

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati so‘nggi kunlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan ma'lumot berdi.

Qo‘shni mamlakatdan Andijon viloyati bojxona boshqarmasi «Do‘stlik» chegara bojxona postiga kirib kelgan fuqarolar G.A. va E.M. larning xatti-harakatlari bojxonachilar e'tiborini tortdi.

Ushbu shaxslar tegishli tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, ularning yuklari orasida deklaratsiyada ko‘rsatilmagan, bojxonachilarning og‘zaki so‘rovida ma'lum qilinmagan, umumiy qiymati 880 mln so‘mlik 1,1 kg quyma tilla borligi aniqlandi.

Ma'lumot uchun, prezidentning 2018 yil 6 fevraldagi 3512-sonli qaroriga muvofiq, jismoniy shaxslar O‘zbekiston Respublikasiga 65 grammgacha bo‘lgan qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini bojxona to‘lovlarisiz olib kirishi mumkin.

Tilla tangalarni noqonuniy olib chiqishga bo‘lgan urinish fosh qilindi

Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijiy davlatga yo‘l olgan fuqaro D.A. o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Natijada, uning hamyoni ichida jismoniy shaxslar tomonidan tegishli ruxsatnoma asosida olib chiqilishi lozim bo‘lgan, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra qiymati 25 mln so‘mlik 4 dona «10 rubley 1899 g. B.M. Nikolay imperator» yozuvli qadimiy tilla tangalar borligi aniqlandi.

Bojxonachilar «ZIL» operatsiyasini fosh etishdi

Namangan viloyati bojxonachilari Yangiqo‘rg‘on tumani IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi. Unda fuqaro S.A. boshqaruvidagi «Zil MMZ-45021» rusumli yuk mashinasi to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Tekshiruv davomida umumiy qiymati 70 mln so‘mlik yuk avtomashinasiga tegishli hujjatlar avtomashinaning identifikatsion belgilariga to‘g‘ri kelmasligi hamda qo‘shni mamlakatdan noqonuniy tarzda olib kirilgani aniqlandi.

Qonunbuzar huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarini chalg‘itish maqsadida avtotransport vositasini soxta hujjatlar asosida boshqarib kelayotgan ekan.

«Osma ventilyator» operatsiyasiga chek qo‘yildi

Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi xodimlari Farg‘ona viloyati bojxonachilari bilan hamkorlikda Oltiariq tumanida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Tadbir davomida fuqaro K.R. boshqaruvidagi «Hyundai Porter II» rusumli yuk avtomobili Oltiariq tumani hududida to‘xtatilib, o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Natijada, mazkur avtotransport vositasida xorijda ishlab chiqarilgan hamda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan, qiymati 101 million so‘mlik 2200 dona osma ventilyator tovarlari borligi aniqlandi.

Sifati kafolatlanmagan 200 million so‘mlik «Geparin» savdosi to‘xtatildi

Toshkent viloyati bojxonachilari Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi.

Toshkent tumanidagi avtoturargohlardan birida fuqaro N.X. o‘ziga tegishli «Damas»ga ortilgan, umumiy qiymati 200 mln so‘mlik, jami 5000 quti «Geparin» nomli dori vositalarini shartli xaridorga sotayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Top