07:57 / 12.03.2021
14286

Aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash uchun ajratilgan pullarni talon-toroj qilgan shaxslar aniqlandi

Toshkent viloyatida aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash uchun ajratilgan mablag‘larni talon-toroj qilgan MChJ rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Toshkent viloyati Bekobod tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilgan.

Tekshiruvlarda “S.” hamda “Ye” MChJ tomonidan “Suvoqova” DUK Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi bilan aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash yuzasidan tuzilgan pudrat shartnomasiga asosan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha tuzilgan hujjatlarga soxta ma'lumotlar kiritib, amalda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali “S.” MChJ tomonidan 489 mln so‘m, “Ye” MChJ tomonidan 233 mln so‘m budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan “S.” va “Ye” MChJ rahbarlari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish), 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, deyiladi ma'lumotda.

Top